Yoshlar bilan samimiy muloqot olib borildi
«Payshanba — Yoshlar kuni» doirasida Sirdaryo viloyati prokuraturasida Guliston davlat pedagogika instituti talabalari ishtirokida «Rahbar va yoshlar uchrashuvi» tashkil etildi. Viloyat prokurori Savid Imatov bilan ochiq muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, kasbiy dunyoqarashini kengaytirish, bilim va salohiyatini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda prokuror talabalarga murojaat qilib, yaxshi ta’lim olish, doimiy izlanish va o‘z ustida ishlash muvaffaqiyatga erishishning muhim omillari ekanini ta’kidladi. Yoshlarning savol va takliflari tinglanib, ular bilan samimiy muloqot olib borildi.

Tadbir davomida talabalar viloyat prokuraturasining tarix muzeyi, tergov poligoni, majlislar zali, kutubxonasi va sport zali faoliyati bilan tanishdilar. Shuningdek, prokuratura xodimlari uchun yaratilgan ish sharoitlari, xizmat faoliyatini samarali tashkil etishga qaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot olishdi.

Uchrashuvning eng e’tiborli jihatlaridan biri — yoshlar tashabbusining amaliy qo‘llab-quvvatlangani bo‘ldi. Gap shundaki, bundan bir muddat avval institutda «Payshanba — Yoshlar kuni» doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda «Musiqa ta’limi» ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalardan biri mashg‘ulotlar uchun dutor cholg‘u asbobi zarurligi haqida murojaat qilgan edi. Ushbu murojaat e’tiborsiz qolmadi. Viloyat prokurori tashabbusi bilan bugun mazkur yo‘nalishda tahsil olayotgan talabalarga 6 dona dutor hadya etildi.

— Viloyat prokurori bilan bo‘lib o‘tgan bugungi uchrashuv talabalarimiz uchun katta motivatsiya bo‘ldi. Muloqot davomida yoshlarga yaxshi o‘qish, o‘z ustida ishlash va izlanish muvaffaqiyatning asosiy omili ekani ta’kidlandi. Eng quvonarlisi, avvalgi uchrashuvlardan birida «Musiqa ta’limi» ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabamiz dutor cholg‘u asbobiga ehtiyoj borligini bildirgan edi. Bu murojaat ijobiy hal etilib, bitta talabaga emas, balki shu yo‘nalishda o‘qiyotgan yoshlarimizga jami 6 dona dutor sovg‘a qilindi. Bu ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish, kasbini yanada puxta egallash va kelgusida o‘z o‘rnini topishi uchun muhim rag‘bat bo‘ldi, — deydi Guliston davlat pedagogika instituti «Musiqa ta’limi» ta’lim yo‘nalishi dotsenti Nurilla Rahimov.

Uchrashuvda institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nurbek Ayaqulov, Gumanitar fanlar va jismoniy madaniyat fakulteti dekani Jamol Komilovlar ham ishtirok etishdi.

Mazkur muloqot yoshlarning huquqiy bilimlarini boyitish bilan birga, ularning taklif va tashabbuslari e’tibordan chetda qolmasligi, bildirilgan ehtiyojlar esa amaliy yordam bilan qo‘llab-quvvatlanishi mumkinligini namoyon etdi. Olti dona dutor esa talabalar uchun shunchaki sovg‘a emas, balki milliy musiqa san’atiga bo‘lgan mehr va ijodiy izlanishlarga berilgan rag‘bat bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri