Marg‘ilonda xalqaro adabiyot va kitobxonlik festivali boshlandi
Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi «Vodiy gavhari» – «Burhoniddin Marg‘inoniy» ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida Xalqaro adabiyot va kitobxonlik festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
«Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik!» shiori ostida tashkil etilgan mazkur nufuzli anjuman xalqlar o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash, adabiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib etishga qaratilgan.
Festivalning ochilish marosimida dunyoning 15 dan ortiq davlati va hududidan tashrif buyurgan yozuvchi va shoirlar, adabiyot namoyandalari, TURKSOY vakillari, xalqaro mehmonlar, shuningdek, 10 ming nafardan ziyod farg‘onaliklar hamda viloyat mehmonlari ishtirok etdi.
AQSH, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, Belarus, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Tatariston va boshqa mamlakat hamda hududlardan kelgan ijodkorlarning ishtiroki anjumanga o‘ziga xos shukuh bag‘ishladi.
Tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar adabiyotning xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, o‘zaro madaniy aloqalarni rivojlantirish, milliy qadriyatlar va ma’naviy merosni asrab-avaylashdagi o‘rni xususida so‘z yuritdi.
Festival doirasida keng ko‘lamli kitob ko‘rgazmalari tashkil etildi. Ularda mamlakatimizdagi yirik nashriyotlar, Farg‘ona viloyatida faoliyat yuritayotgan nashriyotlar hamda xorijiy noshirlar tomonidan taqdim etilgan badiiy, ilmiy-ma’rifiy adabiyotlar va yangi nashrlar namoyish qilindi.
Ishtirokchilar va kitobxonlar turli janrdagi asarlar, adabiy yangiliklar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Majmua hududidagi Mirzakarim qutidorning ramziy hovlisida o‘tkazilgan xalqaro mushoira ham festivalning e’tiborli tadbirlaridan biri bo‘ldi. Unda turli mamlakatlardan tashrif buyurgan taniqli shoirlar va ijodkorlar o‘z she’rlaridan namunalar o‘qib, adabiyot ixlosmandlariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Turli tillarda yangragan she’rlar, samimiy ijodiy muloqotlar adabiyotning xalqlar va madaniyatlarni birlashtiruvchi ma’naviy ko‘prik ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Uch kun davom etadigan festival doirasidagi adabiy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar va kitob ko‘rgazmalari Marg‘ilonning xalqaro madaniy muloqot maydoni sifatidagi ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
[gallery-32271]
Qadimiy Marg‘ilonda o‘tayotgan mazkur xalqaro anjuman kitobga mehr uyg‘otish, ijodkorlar o‘rtasida tajriba almashish, adabiy aloqalarni kengaytirish hamda xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA