Yoshlar bandligini ta’minlash, biznes g‘oyalarini moliyalashtirish bo‘yicha yangi imkoniyatlar o‘rganildi
Bugun bitiruvchilarining mehnat bandligini ta’minlash g‘oyat dolzarb masaladir. Joriy yilning 24-fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” o‘tkazilishi ta’kidlangan edi.
Mazkur tashabbus doirasida Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat texnika universitetida “Bitiruvchilarning bandligini ta’minlash va biznes g‘oyalarini moliyalashtirish bo‘yicha yangi imkoniyatlar” mavzusida bitiruvchilar bilan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati hamda Toshkent Davlat texnika universiteti bitiruvchi talabalari ishtirokida ochiq muloqot shaklida tashkil etildi.
[gallery-29532]
Qayd etilganidek, bugungi kunga qadar “Kelajakka qadam” dasturi doirasida Toshkent Davlat texnika universitetidan 45 nafar bitiruvchi yoshlar tadbirkorlikka jalb etildi. Ularning tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qadar 3 mlrd. so‘mga yaqin mablag‘ ajratildi. Bu ko‘rsatkichlar yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Aytish kerakki, bunday ochiq muloqotlar har hafta davom ettirilishi rejalashtirilgan. Bunday samimiy muloqotlar davomida yoshlar muammolarini joyida hal etish, ularning tashabbuslarini tinglash va amaliy qo‘llab-quvvatlash imkoni yanada kengayadi.
Uchrashuv davomida talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, savol-javoblar, taklif va mulohazalar muhokama qilindi. Shuningdek bitiruvchilar tomonidan yirik ish beruvchilar bilan hamkorlikda biznes-treninglar o‘tkazilishi va 1 mlrd.so‘mdan ortiq biznes loyihalar taklifi o‘rtaga tashlandi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar bandlikni ta’minlash va biznes g‘oyalarni moliyalashtirish borasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish yuzasidan kelishib oldilar.
N.Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat)
O‘zA