Namanganda “Besh tashabbus paralimpiadasi” g‘oliblari taqdirlandi
FOTOREPORTAJ
Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida “Besh tashabbus paralimpiadasi”ning viloyat bosqichi yuqori saviyada, qizg‘in va murosasiz bahslar ruhida o‘tdi. Musobaqa nafaqat sport bellashuvi, balki inson irodasi, qat’iyati va cheksiz imkoniyatlarining yorqin ifodasi sifatida ishtirokchilar va tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Joriy yilning 10–25-aprel kunlari o‘tkazilgan shahar va tuman bosqichlarida ro‘yxatdan o‘tgan 8 ming 534 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsdan 5 ming 942 nafari faol ishtirok etdi. Saralash bosqichlari yakunlariga ko‘ra, ming nafardan ortiq g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Adaptiv sportning 13 ta turi bo‘yicha saralangan 364 nafar ishtirokchi viloyat bosqichida o‘z mahorati va jismoniy imkoniyatini namoyon etdi. Bellashuvlar davomida ishtirokchilarning matonati, sabr-bardoshi va g‘alabaga bo‘lgan intilishi barchaga ibrat bo‘ldi.
Tantanali taqdirlash marosimida sportning 13 ta yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib va sovrindor bo‘lgan 78 nafar ishtirokchi diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, 26 nafar parasportchi respublika bosqichida viloyat sharafini himoya qilish huquqini qo‘lga kiritdi.
[gallery-29601]
Tadbirda so‘z olganlar ishtirokchilarni qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan tabriklab, kelgusi bosqichlarda omad va ulkan zafarlar tiladi. Ta’kidlanganidek, “Besh tashabbus paralimpiadasi” nafaqat sport musobaqasi, balki inson qadri, kuchli iroda va ishonchni ulug‘lovchi muhim loyihadir.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA