Yosh qilichbozlar mamlakat kubogida saralanmoqda
Poytaxtimizda qilichbozlik bo‘yicha 23 yoshgacha bo‘lgan yigitlar va qizlar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda. Paxtakor qilichbozlik zalida o‘tayotgan mazkur musobaqaning ilk kunida shpaga yo‘nalishida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Shpaga yo‘nalishidagi yakkalik bellashuvlarda mamlakatimizning turli hududlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan jami 100 nafarga yaqin qilichboz o‘zaro raqobatlashdi.

Yigitlar o‘rtasida o‘tgan bellashuvlarda Meyirxan Timurov, Mirzoulug‘bek Mo‘minov, Iskandar Turishev va Nuriddin Nazirqulov shohsupaga ko‘tarildi.

Qizlar bahsida esa Dilnaz Murzatayeva barcha raqiblarini yengib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Shahzoda Egamberdiyeva kumush, Marjona Zubaydulloyeva hamda Aziza Hamidova bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston kubogining shpaga yo‘nalishidagi jamoaviy bahslarda g‘olib va sovrindorlar bugun aniqlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA