Yosh polvonlar musobaqasi
Qarshida kurash bo‘yicha o‘tkazilgan “Mahallamiz pahlavonlari” musobaqasida 13-14 yoshli 84 o‘g‘il-qiz ishtirok etdi.
Qarshida kurash bo‘yicha o‘tkazilgan “Mahallamiz pahlavonlari” musobaqasida 13-14 yoshli 84 o‘g‘il-qiz ishtirok etdi.“Mahalla” xayriya jamoat fondi Qashqadaryo viloyati bo‘limi, viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi hamda boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida halollik, bag‘rikenglik va insonparvarlik fazilatlarini o‘zida mujassam etgan milliy kurashni yanada rivojlantirish, yosh avlodning jismonan baquvvat, mustahkam irodali, har tomonlama yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida barcha sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Qizlar o‘rtasida 44 kilogramm vazn toifasida Mirishkor tumanidan Gulzoda Ibrohimova, 48 kilogramm vaznda kitoblik Aziza Bo‘ronova, 52 kilogramm vaznda Mirishkor tumanining yana bir vakilasi Muqaddam Begimqulova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bellashuvlarda 46 kilogramm vaznda qarshilik Shahzod Nasimov, 50 kilogramm vaznda shahrisabzlik Diyorbek Yahyoyev, 55 kilogramm vaznda Qarshi tumanidan Sardor Hazratqulov birinchi o‘rinni egalladi.
– Meni 9 yoshimda kurash zaliga bobom yetaklab borgan, – deydi Shahzod Nasimov. – Bu mening yirik musobaqalardagi ilk g‘alabam. Hozir jahon chempioni Bahrom Avazov rahbarligida kurash sirlarini puxta o‘zlashtirmoqdaman. Kurash bilan shug‘ullanishim nafaqat jismonan sog‘lom, balki mustahkam irodali va qat’iyatli bo‘lishimga yordam bermoqda. Kelajakda ustozimga o‘xshagan taniqli sportchi bo‘lish, Vatanimiz bayrog‘ini xalqaro miqyosda yanada ulug‘lashga hissa qo‘shishni maqsad qilganman.
G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.