Yosh pedagogning katta yutug‘lari
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanidagi 21-umumta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Shukrullo Hasanboyev besh yillik ish tajribasiga ega. Yosh pedagog qisqa fursatda izlanuvchanligi, kasbiy mahorati va ta’lim jarayoniga yangicha yondashuvlari bilan samarali natijalarga erishib kelmoqda.
Shukrullo Hasanboyev yaqinda o‘tkazilgan «Yil o‘qituvchisi – 2026» tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, 616 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi.
2020-yilda Farg‘ona davlat universitetini tamomlagan yosh mutaxassis mehnat faoliyatini o‘zi tahsil olgan maktabda boshlagan. O‘z ustida muntazam ishlagan pedagog ikki yil ichida oliy malaka toifasiga erishdi. 2024-yilda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri ustamasiga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, 2023-yildan buyon milliy sertifikat imtihonlarida uch marta «A+» darajasini qo‘lga kiritgan.
Uning tashabbusi bilan maktabda tashkil etilgan «Turon» teatr studiyasi tarbiyalanuvchilari tomonidan sahnalashtirilgan «Padarkush» dramasi viloyat miqyosida birinchi o‘rinni egalladi.
[gallery-31621]
Ayni paytda yosh pedagog 13 million so‘m miqdorida ish haqi oladi. U ingliz va arab tillarida muloqot qiladi. Ilmiy maqolalari xorijiy tillarda tayyorlanib, xalqaro jurnallarda chop etilmoqda.
Ayni paytda Shukrullo Hasanboyev Farg‘ona davlat universiteti magistratura bosqichida tahsil olib, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasini qo‘lga kiritish maqsadida ilmiy izlanishlarini davom ettirmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA