Harbiy xizmat va ta’lim uyg‘unligi
FOTOREPORTAJ
Bugun harbiy xizmatni o‘tayotgan yoshlar uchun Vatan oldidagi burchini ado etish barobarida bilim olish, oliy ta’limda tahsilni davom ettirish uchun ham keng imkoniyatlar yaratilgan. Bu, o‘z navbatida, harbiy xizmatchilarning intellektual salohiyatini oshirish, kelgusi faoliyati uchun zarur bilim va ko‘nikmalarni egallashiga xizmat qiladi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Xayrabod garnizonida joylashgan harbiy qismda xizmat qilayotgan askarlar ham ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanyapti.
Ayni vaqtda oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan askarlar harbiy xizmatni davom ettirgan holda, masofaviy shaklda tahsil olyapti. Bugungi mashg‘ulotlar jarayonida ham ular onlayn darslarda ishtirok etib, mutaxassisliklari bo‘yicha yangi bilimlarni o‘zlashtirdi va berilgan topshiriqlarni bajardi.
[gallery-31590]
Zamonaviy axborot texnologiyalari vositasida tashkil etilgan darslar harbiy xizmat va ta’limni bir vaqtda olib borish imkonini bermoqda. Askarlar nazariy bilimlarini mustahkamlash bilan birga, tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini ham boyityapti.
Bunday yondashuv yoshlarning harbiy xizmat davrida bilim olishi va kasbiy salohiyatini oshirishi uchun qo‘shimcha sharoit yaratadi. Zero, harbiy xizmatchi uchun jismoniy tayyorgarlik bilan bir qatorda, bilim va zamonaviy dunyoqarash ham muhim ahamiyatga ega.
Harbiy xizmat va ta’limning uyg‘unligi esa yoshlarning bugungi vazifalarini sidqidildan bajarishi bilan birga, kelgusi faoliyati uchun mustahkam poydevor yaratishiga xizmat qiladi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA