Yosh olimlarning ilmiy izlanishlari e’tirof etildi
Har bir ilmiy natija ortida katta mehnat, izlanish va albatta, tajriba bor. Ayniqsa, ilm-fan sohasida yosh tadqiqotchining shakllanishida ustozning o‘rni beqiyos.
Chunki shogird o‘z yo‘lini izlar ekan, ustozning yillar davomida to‘plagan bilimi va tajribasidan saboq oladi. Ustoz esa shogirdining yangi g‘oyalari, izlanishlari va yutuqlarida o‘z mehnatining davomini ko‘radi. Shu bois ustoz-shogird munosabati muayyan bir kasb doirasi bilan cheklanmaydi — bu jamiyat taraqqiyotini ta’minlaydigan muhim ma’naviy va ilmiy an’anadir.

1-oktabr — Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan M.T.O‘rozboyev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti hamda O‘zbekiston mexaniklari jamiyati hamkorligida «Eng yaxshi ilmiy natijalar» Respublika tanlovi sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning bayram arafasida o‘tkazilgani ham o‘ziga xos ma’no kasb etdi. Zero, ustozlar bayramida ilm yo‘lida izlanayotgan yoshlarning mehnati va natijalarini e’tirof etish — ustoz va shogird o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikning amaliy ifodasi. Bugun ilmiy izlanish olib borayotgan har bir yosh mutaxassis ertaga o‘z sohasida yangi avlod vakillariga yo‘l ko‘rsatadi.

Tadbirda so‘z olgan ustozlar tanlovning yosh tadqiqotchilar uchun ahamiyati, ularni ilmiy izlanishlarga jalb etish va qo‘llab-quvvatlash zarurati haqida to‘xtaldi. Shuningdek, O‘zbekiston Mexaniklar jamiyatining yosh olimlarni birlashtirish, ularning ilmiy ishlarini rag‘batlantirish va soha rivojiga hissa qo‘shayotgan mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi faoliyati haqida fikrlar bildirildi.
Tanlov sovrindorlari safidan Shohjahon Ravshanov, Bobur Baxtiyorov, Javlon Turdibekov, Shahzod Hojiqulov hamda G‘ofurjon Achilov joy oldi. Yosh tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlari, erishgan natijalari va mexanika sohasini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi e’tiborga loyiq deb topildi.
G‘oliblarga 10 million so‘mlik umumiy mukofot jamg‘armasidan pul mukofotlari, O‘zbekiston mexaniklari jamiyatining maxsus a’zolik guvohnomalari hamda ilmiy ishlarini OAK tasarrufidagi «Mexanika muammolari» jurnalida nashr etish uchun tavsiyanomalar topshirildi.
Bu mukofotlar yosh olimlar uchun faqat moddiy rag‘bat emas. Eng muhimi, ularning mehnati va izlanishlariga berilgan e’tibor, ilmiy salohiyatiga bildirilgan ishonchdir. Bunday e’tirof yosh tadqiqotchini yangi maqsadlar sari intilishga, o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashga undaydi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA