Yosh dzyudochilar saralanmoqda
Namanganda dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati boshlandi. Musobaqaning birinchi kunida yengil vazn toifalarida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan yosh dzyudochilar ishtirok etayotgan mamlakat birinchiligida vazni -35 kilogramm bo‘lgan Davronbek O‘rinov, -38 kilogrammda Mahmud Axmatov, -42 kg. vaznda Abdulatif Bozorboyev oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, qizlar o‘rtasida Aydana Eshimboyeva, Gulsanam Bo‘ronova, Mushtariybegim Mahmudova hamda Farangiz Baxtiyorova shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Ayni damga kelib, birinchi kun yakunlariga ko‘ra, Surxondaryo viloyati vakillari medallar jamg‘arish bo‘yicha eng yuqori natijani qayd etdi. Bugun, 16-sentabr kuni yana bir necha vazn toifalarida mamlakat chempionlari aniqlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA