Osiyo o‘yinlari: Kurash musobaqalari o‘tkaziladigan majmua bilan tanishildi
Ma’lumki, milliy sportimiz kurashning “kichik olimpiada” sanalgan yozgi Osiyo o‘yinlari dasturidan o‘rin olganligi azaliy qadriyatlarimizning xalqaro maydondagi yorqin tantanasi sifatida qadrlidir.
Shu kunlarda Yaponiyada davom etayotgan XX Osiyo o‘yinlari dasturidan 45 ta sport turi qatorida kurashning alohida yo‘nalish sifatida o‘rin egallagan.
Ayni kunlarda o‘yinlar doirasida Kurash bo‘yicha musobaqalarga tayyorgarlik ishlari yakuniy bosqichga kirib bormoqda.

Kuni kecha Xalqaro kurash assotsiatsiyasi bosh kotibi Muhammad Reza Nassiri hamda IKA prezidenti maslahatchisi Umid Yakubov Yaponiyaning Aichi shahrida kurash bellashuvlari o‘tadigan sport majmuasiga tashrif buyurib, tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida ularga Yaponiya kurash federatsiyasi prezidenti Hideo Kamaga hamda XX Osiyo o‘yinlari Tashkiliy qo‘mitasi vakillari hamrohlik qildi.
Delegatsiya a’zolari kurash musobaqasi o‘tkaziladigan asosiy arena, sportchilar uchun mashg‘ulot maydonlari, kutish zallari hamda boshqa texnik va tashkiliy infratuzilmalarni ko‘zdan kechirdi.
O‘rganishlar jarayonida kurash musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etish, sportchilar va rasmiylar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida Tashkiliy qo‘mita vakillariga bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
Eslatib o‘tamiz, 20-Osiyo o‘yinlari doirasidagi kurash musobaqalari 27–29-sentabr kunlari “Aichi Prefectural Martial Arts Hall” sport majmuasida bo‘lib o‘tadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA