Yosh bunyodkorlar mahorati sinovdan o‘tmoqda
“Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” tanlovining Toshkent viloyati bosqichiga start berildi. Shu munosabat bilan Oqqo‘rg‘on tumanidagi texnikumda yoshlarning kasbiy mahorati, innovatsion fikrlashi va ijodiy salohiyatini namoyon etishga qaratilgan tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Toshkent viloyati Kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Nasiba Qulbekova hamda Toshkent viloyati Yoshlar ishlari agentligi boshqarmasi boshlig‘i Nuriddin Xojiyev ishtirok etib, tanlov qatnashchilarini qutladi va ularga omad tiladi.

Ta’kidlanganidek, mazkur tanlov Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 8-apreldagi “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi qarori asosida tashkil etilmoqda. Uning asosiy maqsadi yoshlarning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, mehnat bozori talablariga mos raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash hamda kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishdan iborat.

Ochilish marosimida ishtirokchilarga tanlovning maqsad va vazifalari, baholash mezonlari, bosqichlar tartibi hamda g‘oliblarni aniqlash mexanizmlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shu bilan birga, tanlovning yoshlarda tashabbuskorlik, innovatsion yondashuv va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishdagi ahamiyati alohida qayd etildi.
Viloyat bosqichida 927 nafar ishtirokchi, ustoz-murabbiylar hamda sohaning tajribali mutaxassislari qatnashmoqda. Tanlov davomida yoshlar turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyish etib, kasbiy mahoratlarini sinovdan o‘tkazmoqda.

Tanlov jarayonlari bilan yaqindan tanishgan Nodira Kulbekova ishtirokchilar bilan muloqot qilib, ularning tayyorgarlik darajasi, kasbiy qiziqishlari va kelgusi rejalari bilan qiziqdi. Suhbat davomida yoshlarga o‘z ustida muntazam ishlash, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash, tanlangan kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lish yo‘lida intilish zarurligi ta’kidlandi.
Mazkur tanlov yoshlarning iqtidor va salohiyatini kashf etish, ularni yangi g‘oyalar va tashabbuslarga ruhlantirish, shuningdek, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan malakali kadrlarni tarbiyalashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A.Musayev, O‘zA