Xalqaro maqom san’ati anjumani ochildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrida uchinchi Xalqaro maqom sanʼati anjumanining ochilish marosimida ishtirok etib, nutq soʻzladi.
Davlatimiz rahbari anjuman ishtirokchilari, xorijiy mehmonlar, madaniyat va san’at namoyandalarini qutlab, maqom san’ati qalblarni birlashtiradigan, odamlarga ezgulik ulashadigan ma’naviyat ko‘prigi ekanini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, yurtimizda doimiy tus olgan ushbu anjuman maqom san’atining umumbashariy nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan muhim xalqaro maydonga aylanib bormoqda.


Tadbirda UNESCO, ICESCO, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, TURKSOY, Turkiy Parlament Assambleyasi, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi hamda boshqa xalqaro tuzilmalar rahbarlari, xorijiy mamlakatlarning madaniyat vazirlari, elchilar, 80 dan ortiq davlatdan 250 ga yaqin madaniyat va san’at vakillari ishtirok etmoqda.
Prezidentimiz anjumanning bu galgi manzili bo‘lgan Namangan diyorining o‘ziga xos madaniyati, san’ati, mehnatkash va bunyodkor xalqi haqida alohida to‘xtaldi. Buyuk shoir va mutafakkir Boborahim Mashrab, Nodim, Fazliy, Majzub Namangoniy, So‘fizoda, Ibrat, Usmon Nosir, Chustiy kabi ijodkorlar, shuningdek, milliy musiqa san’ati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan hofiz, sozanda va bastakorlarning boy merosi hurmat bilan tilga olindi.


Shu kunlarda Namanganda 65-xalqaro gullar festivali ham yuksak saviyada o‘tayotgani qayd etildi. Ushbu festival Yangi O‘zbekiston sharoitida oddiy gullar ko‘rgazmasidan xalqaro miqyosda e’tirof etilayotgan katta madaniy hodisa va milliy brend darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi.
Joriy yilda Namanganda 150 million tupdan ortiq gul ko‘chatlari o‘tqazilib, bu natija xalqaro miqyosda tan olingani va “Ginnessning rekordlar kitobi”ga kiritilgani e’tirof etildi.
Prezidentimiz maqom san’atining milliy va jahon madaniyatidagi o‘rni haqida so‘z yuritdi. UNESCO tomonidan Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan maqom oddiy musiqa emas, balki millat xotirasi, xalq qalbi va asrlar osha yangrab kelayotgan ma’naviy ovoz ekani ta’kidlandi.


Uchinchi Xalqaro maqom san’ati anjumanining asosiy maqsadi ushbu noyob merosni asrab-avaylash, o‘rganish va targ‘ib etish, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazishdan iborat ekani qayd etildi.
So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda maqom san’ati nufuzini milliy va xalqaro miqyosda yangi bosqichga ko‘tarish madaniyat sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Maqom ijrochiligi bilan birga uning nazariy, tarixiy va falsafiy asoslari ham chuqur o‘rganilmoqda.
Bu borada “musiqa maktabi – ixtisoslashgan maktab – oliygoh” tizimi yo‘lga qo‘yilgani, madaniyat va san’atning 21 ta yo‘nalishida, jumladan, maqom bo‘yicha ijodiy birlashma tashkil etilgani ta’kidlandi. Endilikda har bir mahalla, tuman, viloyat va respublika miqyosida yosh maqomchilar tanlovlari o‘tkaziladi.


Prezidentimiz maqom san’atini rivojlantirish bo‘yicha qator yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Yangi Toshkentda barpo etilayotgan muhtasham Maqom markazini Dunyo maqom markazi deb nomlash, uning qoshida Xalqaro maqom akademiyasini tashkil etish taklif qilindi. Ushbu akademiyada o‘zbek maqom maktablari bilan bir qatorda arab, turk, fors, tojik, hind va boshqa Sharq mumtoz musiqa yo‘nalishlari ham o‘qitiladi.
Markaz qoshida dunyo miqyosidagi noyob musiqiy qo‘lyozmalar, tovush yozuvlari va nota arxivlarini jamlagan Xalqaro raqamli kutubxona va laboratoriya tashkil etiladi. Mazkur majmua soha olimlari va san’atshunoslarini birlashtiradigan global ilmiy-akademik platformaga aylanishi ta’kidlandi.


Shuningdek, Jahon maqom antologiyasini yaratish tashabbusi ilgari surildi. Unda maqom, mug‘om, mukam, dastgoh kabi dunyo xalqlarining mumtoz musiqa namunalari, notalar, audio va video yozuvlar, ilmiy tadqiqotlar yagona raqamli platformaga joylashtiriladi. Maqom ijrosi bo‘yicha mobil ilova ishga tushirilib, uning fonotekasi doimiy yangilab boriladi.
Maqom ilmini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro jamg‘arma tashkil etish, uning grantlarini ilmiy izlanishlar, noyob manbalarni o‘rganish, innovatsion loyihalar va soha vakillarini rag‘batlantirishga yo‘naltirish taklif etildi.
Jamg‘arma hisobidan Xalqaro maqom mukofotini ta’sis etib, maqom rivojiga katta hissa qo‘shgan olim va san’atkorlarni har ikki yilda taqdirlab borish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.


Shu bilan birga, “Shashmaqom”ning 6 ta yo‘nalishi bo‘yicha hududlarda “Maqom yo‘li” madaniy-turistik marshruti yaratiladi. Buxoro, Samarqand, Xiva, Qo‘qon, Shahrisabz va Toshkentda maqom yo‘nalishlariga bag‘ishlangan turizm-tematik ko‘chalar tashkil etiladi.
Yurtimizda maqom asarlarining oltin fondini yaratib, xalqimizga yetkazib kelayotgan Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambliga milliy davlat ansambli maqomi berilishi ma’lum qilindi.
Davlatimiz rahbari Xalqaro maqom san’ati anjumani maqomning umrboqiy merosini kelajak avlodlarga yetkazadigan, xalqlar o‘rtasida do‘stlik va madaniy muloqotni mustahkamlaydigan muhim xalqaro maydonga aylanib borayotganini ta’kidladi.


Nutq yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev anjuman ishtirokchilariga sihat-salomatlik, jo‘shqin ilhom, yangi ijodiy yutuqlar tilab, uchinchi Xalqaro maqom san’ati anjumanini ochiq deb e’lon qildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari futbol bo‘yicha milliy terma jamoamizning jahon chempionatidagi ishtiroki haqida to‘xtalib, futbolchilarimiz xalqimizning 34 yillik orzusini ro‘yobga chiqarganini ta’kidladi.
Prezidentimiz milliy jamoamiz bugungi o‘yinda ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilishiga ishonch bildirib, futbolchilarga omad tiladi.


Marosimda konsert dasturi namoyish etildi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga jo‘nab ketdi.

