Yosh bokschilarimiz jahonda tengsiz!
Chernogoriyaning Budva shahrida yoshlar o‘rtasida boks bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionati o‘z yakuniga yetdi.
Musobaqaning hal qiluvchi bahslarida hamyurtlarimiz munosib ishtirok etib, oltita final jangining to‘rttasida g‘alaba qozondi. Ayniqsa, yigitlarimizning uchta vazn toifasida jahon chempionligiga erishgani e’tiborga molik.
Jumladan, -75 kilogramm vazn toifasida finalga chiqqan Suhrob Rahmatullayev eronlik Muhammad Solih Mesbahiga qarshi ringga ko‘tarildi. Murosasiz kechgan bellashuvda hamyurtimiz raqibidan 3:2 hisobida ustun kelib, jahon chempionati oltin medaliga sazovor bo‘ldi. Vazni -90 kilogramm bo‘lgan Asadbek Sultonboyev esa ukrainalik Vladislav Naumenko bilan raqobatlashib yakunda hakamlarning yakdil qarori bilan 5:0 hisobida g‘alaba qozondi va terma jamoamizga ikkinchi oltin medalni taqdim etdi.
Islom Salixov esa +90 kilogramm vazn toifasida qozog‘istonlik Vladislav Samojonov bilan kuch sinashdi. Jangda har ikki bokschi ham g‘alaba uchun bor imkoniyatini ishga soldi. Hal qiluvchi raundda tashabbusni qo‘lga olgan Islom yakunda 4:1 hisobida zafar quchib, jahon chempioniga aylandi.
Qizlar o‘rtasidagi final bahslarida ham O‘zbekiston vakillari munosib natijalar qayd etdi. -51 kilogramm vaznda Nazokat Mardonova amerikalik Rubi Lopesga qarshi jangda 4:1 hisobida g‘alaba qozonib, oltin medalga ega chiqdi. Hamyurtimiz bellashuv davomida hujumkorligi va texnik mahorati bilan ajralib turdi.
-70 kilogramm vaznda mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Maftuna Yangiyeva amerikalik Marley Maknelliga, -85 kilogramm vaznda Sardorbek Bahromxo‘jayev rossiyalik Kirill Korshakovga imkoniyatni boy berib qo‘ydi va kumush medal bilan taqdirlandi.
Shu tariqa mazkur nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 4 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza — jami 8 ta medalni qo‘lga kiritib, yurtimiz boks maktabining boy an’analari va yosh avlodning yuksak salohiyatini yana bir bor namoyon etdi.
Quvonarlisi, erkaklar terma jamoamiz yillar davomida jahon boksida mustahkamlab kelayotgan yetakchilik an’anasini yosh bokschilarimiz ham munosib davom ettirdi. Yigitlarimiz 3 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medaliga sazovor bo‘lib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Qizlarimiz ham ortda qolishmadi. Ular 1 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, terma jamoamizning umumiy natijasiga munosib hissa qo‘shdi.

Mazkur natija o‘zbek boksining mustahkam poydevori va yosh iste’dodlar kamolotidan dalolat beradi. Kattalar o‘rtasidagi xalqaro musobaqalarda o‘z so‘zini aytib kelayotgan milliy boks maktabimiz bugun yoshlar darajasida ham o‘zining munosib davomchilarini tarbiyalayotganini namoyon etmoqda.
Eng muhimi, yosh bokschilarimizning jahon chempionatidagi muvaffaqiyati kelgusidagi yirik xalqaro musobaqalar, jumladan, kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatlari va Olimpiya o‘yinlarida yangi g‘alabalar uchun zamin yaratadi. Budvadagi natijalar esa o‘zbek boksining kelajagi ishonchli qo‘llarda ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA