Yosh atletlarimiz Markaziy Osiyo chempionatida tengsiz
Toshkent shahridagi “Olimpiya shaharchasi” hududida joylashgan “Olimpiya” stadionida yengil atletika bo‘yicha 18 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida Markaziy Osiyo chempionati yuqori saviyada tashkil etildi. Musobaqa davomida mintaqaning eng iqtidorli yosh atletlari bir maydonda jam bo‘lib, qizg‘in va murosasiz bahslar olib bordi.
Chempionatda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston hamda O‘zbekiston terma jamoalari safidagi qariyb 250 nafar yoshlar va qizlar ishtirok etdi. Ular yengil atletikaning yugurish, sakrash, uloqtirish va estafeta kabi 39 ta yo‘nalishida g‘oliblik uchun bahslashdi.
Musobaqalar davomida sportchilarning g‘alabaga intilishi, yuqori tayyorgarligi va kuchli raqobati mutaxassislar hamda muxlislar e’tiborini tortdi. Ayrim dasturlarda qayd etilgan yuqori natijalar kelajakda xalqaro maydonlarda munosib ishtirok eta oladigan yangi iqtidorlar yetishib chiqayotganini yana bir bor namoyon qildi.

Quvonarlisi, Markaziy Osiyo chempionati yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi 19 ta oltin, 24 ta kumush va 20 ta bronza, jami 63 ta medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Qozog‘iston sportchilari 19 ta oltin, 14 ta kumush va 7 ta bronza — jami 40 ta medal bilan ikkinchi bo‘ldi.
Tojikiston vakillari 1 ta oltin va 2 ta bronza, jami 3 ta medal qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Qirg‘iziston terma jamoasi 1 ta kumush va 6 ta bronza, jami 7 ta medal bilan musobaqani yakunladi. Turkmaniston sportchilari esa 3 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Musobaqaning e’tiborli jihatlaridan biri yosh sportchilar tomonidan qayd etilgan yuqori natijalar bo‘ldi. Xususan, 2011-yilda tug‘ilgan Odilbek Hamdamov 400 metrga yugurish bahslarida 50.87 soniya natija qayd etib, kumush medalni qo‘lga kiritdi. Eng ahamiyatlisi, ushbu natija 16 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida O‘zbekiston rekordi sifatida tarixga kirdi.
Markaziy Osiyo chempionati nafaqat g‘olib va sovrindorlarni aniqlash, balki mintaqa davlatlari o‘rtasida sport hamkorligi va do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Yosh atletlar uchun esa mazkur musobaqa kelgusidagi yirik xalqaro startlar oldidan muhim tajriba maktabi vazifasini o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA