Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida yangi boshqaruv mexanizmlari joriy etiladi
Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini barqaror rivojlantirish, sohada samarali boshqaruv va zamonaviy tartibga solish mexanizmlarini joriy etish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi hujjat qabul qilindi.
Prezidentimizning 2026-yil 22-sentabrdagi “Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan sohadagi boshqaruv va tartibga solish tizimini takomillashtirishga qaratilgan yangi vazifalar belgilandi.
Hujjatga muvofiq, Energetika vazirligi tomonidan yoqilg‘i-energetika tarmog‘i korxonalari va iste’molchilariga shartnomaviy, xizmat ko‘rsatish hamda boshqa xo‘jalik munosabatlari doirasida individual tusdagi ruxsatnomalar berish amaliyoti tugatiladi.
Shuningdek, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligining vakolatlari kengaytiriladi. Agentlikka elektr energiyasi bilan bir qatorda tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minotida bozor tamoyillarini bosqichma-bosqich joriy etish hamda ushbu jarayonlarni tartibga solish vazifasi yuklanadi.
Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatida esa qoidabuzarliklarning oldini olish, profilaktika ishlarini kuchaytirish va xavflarni erta aniqlashga qaratilgan preventiv nazorat modeliga o‘tiladi.
Farmon bilan yoqilg‘i-energetika tarmog‘i korxonalarining asosiy faoliyat yo‘nalishlari ham belgilab berildi. Ular yoqilg‘i-energetika resurslarini qazib olish va ishlab chiqarishdan tortib, qayta ishlash, tashish, saqlash, uzatish, taqsimlash, yetkazib berish hamda sotishgacha bo‘lgan jarayonlarda xo‘jalik va tijorat faoliyatini amalga oshiradi.
Sohada tariflarni belgilash jarayonini raqamlashtirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, 2027-yil 1-iyuldan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi faoliyati uchun Yoqilg‘i-energetika sohasida idoralararo tarif komissiyasining yagona raqamli platformasi ishga tushiriladi.
Yangi tizim orqali tartibga solinadigan korxonalarning tarif buyurtmalari, shuningdek, tariflarni hisoblash uchun zarur moliyaviy, texnik va boshqa ma’lumotlar elektron shaklda qabul qilinib, qayta ishlanadi. Tarif hisob-kitoblari esa Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan tartib asosida avtomatlashtirilgan holda amalga oshiriladi.
Energetika vazirligi axborot xizmatining qayd etishicha, mazkur o‘zgarishlar yoqilg‘i-energetika sohasida boshqaruv jarayonlarini soddalashtirish, nazorat mexanizmlarini takomillashtirish va tariflarni belgilashda raqamli yondashuvni kengaytirishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA