Yong‘inga qarshi harakatlar sinovdan o‘tdi
Paxta mavsumida xavfsizlik talablariga rioya etish – bir kunlik vazifa emas. Ayniqsa, paxta qabul qilish va qayta ishlash korxonalarida yong‘in xavfining oldini olish, favqulodda holat yuzaga kelganda esa har bir daqiqadan unumli foydalanish muhim.
Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi “Milliy oq oltin” mas’uliyati cheklangan jamiyatining paxtani qabul qilish va qayta ishlash zavodida o‘tkazilgan maxsus-taktik o‘quv mashqi ana shu talablarni amaliyotda sinashga qaratildi.
Tadbirda tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari hamda hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. O‘quv mashqi davomida shartli favqulodda vaziyatga javob qaytarish, kuch va vositalarni tezkor safarbar etish, mas’ul tuzilmalar o‘rtasida hamjihatlikni ta’minlash bo‘yicha harakatlar amalda sinovdan o‘tkazildi.


Zero, yong‘in bilan kurashda uning oqibatini bartaraf etishdan ko‘ra, xavfni oldindan ko‘ra bilish va zarur chorani o‘z vaqtida ko‘rish samaraliroqdir.
Shu nuqtai nazardan, mashg‘ulotlar davomida paxta g‘aramlarida yong‘in kelib chiqishi ehtimolida amalga oshiriladigan harakatlarga alohida e’tibor qaratildi. Korxona ishchi-xizmatchilarining favqulodda vaziyat haqida xabar berish, xavfsiz hududga chiqish, odamlarni evakuatsiya qilish va dastlabki yong‘in xavfsizligi choralarini ko‘rish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari ham tekshirildi.


Mashqning yana bir muhim jihati turli xizmatlarning bir maqsad yo‘lida qanchalik tez va aniq harakat qila olishi aniqlanganidir. Chunki favqulodda vaziyatda bir tuzilmaning harakati ikkinchisini to‘ldirmasa, eng puxta reja ham kutilgan natijani bermasligi mumkin.
O‘quv mashqi yakunida aniqlangan kamchiliklar ochiq tahlil qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga zarur ko‘rsatma va amaliy tavsiyalar berildi. Bu esa mashg‘ulotni shunchaki shartli sinov emas, balki keyingi ishlarni takomillashtirish uchun amaliy saboqqa aylantirdi.

Bunday tadbirlarning ahamiyati shundaki, favqulodda vaziyatlar bilan bog‘liq har qanday xavfga tayyorgarlik, o‘tkazilgan mashqdagi har bir harakat, har bir sinov ertaga inson hayoti, korxona mol-mulki va mehnat jarayonini asrab qolishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri