Yolg‘on axborot tarqatish jinoyati uchun qanday javobgarlik belgilangan?
Huquqiy munosabat
Qonunchiligimizga ko‘ra, haqiqatga mos kelmaydigan, ijtimoiy tartibsizlikni keltirib chiqarishi yoki fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan yolg‘on axborotni tarqatish jinoyati uchun javobgarlik bor.
Xo‘sh, buning uchun qanday javobgarlik belgilangan?
– Bu holat ya’ni, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan yolg‘on axborot ommaviy axborot vositalari, internet tarmoqlari yoki boshqa kommunikatsiya vositalari orqali amalga oshirilgan bo‘lsa, aybdorga nisbatan jazo chorasi qo‘llaniladi, – deydi Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi Behro‘za Normurodova. –Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244 prim 6-moddasiga muvofiq, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, ushbu Kodeksning 244 prim 1-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan va ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar ommaviy tadbirlar jarayonida yoki favqulodda vaziyat holatida, juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan holda va uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Bunday axborotni tarqatishda shaxsning bevosita niyati va uni isbotlovchi dalillar muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, qonunchilik yolg‘on ma’lumot tarqatish natijasida kelib chiqadigan zararlar, shu jumladan, jamoatchilikning noto‘g‘ri xabardor qilinishi, panika yoki obro‘sizlantirish holatlariga e’tibor qaratadi.
Ma’lumot uchun, hozirgi kunda BHM 375 ming so‘mni tashkil etadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA