"Yilning eng faol yosh xodimi” tanlovi g‘oliblari aniqlandi
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida faoliyat yuritayotgan yosh xodimlar o‘rtasida “Yilning eng faol yosh xodimi” tanlovining saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Institutda faoliyat yuritayotgan tashabbuskor, intellektual salohiyati yuksak, kasbiy mahoratga ega yosh xodimlarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va munosib rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda 6 nafar yosh xodim ishtirok etib, o‘z bilim va salohiyatlarini namoyon etdi.


Ishtirokchilarning chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan belgilangan baholash mezonlari asosida xolis va shaffof tarzda baholab borildi. Tanlov yakunlariga ko‘ra, eng yuqori natijalarni qayd etgan ishtirokchilar g‘olib deb topilib, taqdirlandi. G‘oliblarga diplom, esdalik sovg‘alari hamda bir martalik moddiy rag‘batlantirish mablag‘lari topshirildi.

Shuningdek, tanlovda eng yuqori ball to‘plagan Pedagoglar markazi dotsenti F.Yusupova Institut nomidan tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, mazkur tanlov yosh xodimlarning kasbiy va shaxsiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda Institut jamoasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA