Interpol: tovlamachilik uchun qidiruvda bo‘lgan shaxs Misrdan ekstraditsiya qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Interpol Milliy markaziy byurosi hamda Misr Arab Respublikasi Interpol Milliy markaziy byurosining kelishilgan sa’y-harakatlari natijasida tovlamachilik jinoyatini sodir etganlikda ayblanib, xalqaro qidiruvga berilgan fuqaro O‘zbekiston Respublikasiga ekstraditsiya qilindi.
Qidiruvdagi shaxs Misr hududida aniqlanib, qo‘lga olindi. Vakolatli organlar tomonidan tegishli materiallar ko‘rib chiqilib, zarur ekstraditsiya choralari yakunlangach, uni O‘zbekiston tomoniga topshirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Qohira va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov mavjud emasligi sababli, uni olib kelish yo‘nalishi Rossiya Federatsiyasi orqali tranzit tarzida tashkil etildi. Domodedovo xalqaro aeroporti orqali to‘siqsiz tranzitni ta’minlashda Rossiya Federatsiyasi Interpol Milliy markaziy byurosi muhim yordam ko‘rsatdi.

Ekstraditsiya qilingan shaxs O‘zbekiston Respublikasiga olib kelingach, mamlakat qonunchiligiga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortish uchun vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi.
O‘tkazilgan tadbirlar Interpol yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro politsiya hamkorligining yuksak samaradorligini hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikning muqarrarligi tamoyiliga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
N.Abduraimova,
O‘zA