“Yil o‘qituvchisi” tanlovining uchinchi bosqich sinovlariga start berildi
Mamlakatimizning barcha hududlarida “Yil o‘qituvchisi” Respublika tanlovining uchinchi bosqich sinovlari boshlandi.
Tanlovning mazkur bosqichi doirasida dastlab ishtirokchi-pedagoglar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy faoliyat (taqdimot) yo‘nalishi bo‘yicha qur’a tashlash marosimi o‘tkazilmoqda.
Ushbu jarayon orqali har bir nomzodning chiqish navbati aniqlanib, keyingi sinovlar belgilangan tartib asosida davom ettiriladi.
Ayni paytda hududlarda sinovlar qizg‘in muhitda o‘tmoqda. Pedagoglar o‘zlarining kasbiy mahorati, ijodiy yondashuvi, ma’naviy-ma’rifiy faoliyati hamda zamonaviy ta’lim usullarini qo‘llash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini namoyish etmoqda.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, “Yil o‘qituvchisi” tanlovi ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan iqtidorli va tashabbuskor pedagoglarni aniqlash, ularning ilg‘or tajribalarini ommalashtirish hamda o‘qituvchilik kasbining nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Hozirda respublika bo‘ylab tanlovning uchinchi bosqich sinovlari davom etmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA