“Avtomobilsiz kun” qanday natija beradi?
Bugun O‘zbekiston bo‘ylab “Avtomobilsiz kun” aksiyasi o‘tkazilmoqda.
Bu tashabbusning maqsadi oddiy — shaxsiy avtomobildan foydalanishni bir kunga cheklab, havoni ifloslantiruvchi chiqindilarni kamaytirish va jamoat transportidan foydalanish madaniyatini kengaytirish.
Aksiyada Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xodimlari ham faol ishtirok etmoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ham bugun xizmat avtomobilidan voz kechib, ishga jamoat transportida bordi. Qo‘mita xodimlari ham o‘z avtomobillarini qoldirib, avtobus va metrodan foydalangan holda ishga yetib keldi.
Avtomobillar soni ortishi bilan atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar miqdori ham ko‘payib boradi. Shu bois “Avtomobilsiz kun” nafaqat bir kunlik aksiya, balki aholida ekologik mas’uliyatni kuchaytirishga qaratilgan tashabbus sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtomobil o‘rniga avtobus, metro, velosiped yoki piyoda yurishni tanlash har bir insonning atrof-muhitga qo‘sha oladigan oddiy, ammo muhim hissasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan «Toza havo» umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, har oyning 10 va 25 sanalarida “Avtomobilsiz kun” hamda “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkazib kelinmoqda.
Tashabbusning asosiy maqsadi — avtotransport vositalaridan atmosferaga chiqariladigan zararli tashlamalarni kamaytirish, ekologik barqaror muhitni shakllantirish, shuningdek, jamoat transporti va ekologik toza transport vositalaridan foydalanishni rag‘batlantirish.
Ekologiya qo‘mitasi davlat va nodavlat tashkilotlar, shuningdek, barcha yurtdoshlarni aksiyada faol ishtirok etishga, imkoniyatdan kelib chiqib, elektromobillar, boshqa “yashil” transport vositalari va jamoat transportidan ko‘proq foydalanishga chaqirmoqda.
Toza havo faqat ekologlarning emas, barchamizning umumiy ehtiyojimiz. Bugun avtomobilni qoldirish ertangi toza havo uchun tashlangan kichik, ammo muhim qadamdir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA