Yevropaning iqtisodiy darvozalari: qaysi portlar eng ko‘p yuk qabul qilmoqda?
2024-yil yakunlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi portlari orqali 3,4 milliard tonna yuk o‘tgan, bu jahon dengiz savdosining qariyb 26 foiziga teng. Reytingda Niderlandiyaning Rotterdam porti 397,3 million tonna bilan mutlaq yetakchilik qilgan bo‘lsa, Belgiyadagi Antverpen-Bryugge 243,7 million tonna bilan ikkinchi o‘rinni egallagan.
Germaniyaning Gamburg porti 97 million tonna natija bilan uchinchi bo‘lgan. Keyingi o‘rinlarda Ispaniyaning Alxesiras – 81,5 million, Niderlandiyaning Amsterdami – 78,8 million tonna yuk aylanmasi bilan joylashgan. Fransiyaning HAROPA tizimi 76,6 million tonna, Polshadagi Gdansk esa 71 million tonna ko‘rsatkich qayd etgan.
Mamlakatlar kesimida Niderlandiya yana oldinda: uning barcha portlari 538,1 million tonna yuk qabul qilgan va jo‘natgan. Italiya 488,6 million tonna bilan ikkinchi, Ispaniya 486 million tonna bilan uchinchi o‘rinni olgan.
YeI davlatlari va Yevropa erkin savdo uyushmasi o‘lkalari ham hisobga olinganda, Turkiya 524,7 million tonna bilan ikkinchi pog‘onaga ko‘tariladi, Norvegiya esa 212,1 million tonna bilan sakkizinchi o‘rindan joy oladi. Bu raqamlar dengiz yo‘llari Yevropa iqtisodiyoti uchun oddiy transport tarmog‘i emas, balki savdo, ta’minot va strategik barqarorlikning asosiy tayanchlaridan biri ekanini ko‘rsatmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA