Kongoda to‘y marosimi fojia bilan yakunlandi
Kongo Demokratik Respublikasi poytaxti Kinshasa shahrida jumadan shanbaga o‘tar kechasi o‘tkazilgan to‘y marosimi fojiali yakunlandi.
Ta’kidlanishicha, poytaxtdagi Triumf bulvarida joylashgan “Panatseya” tantanalar zalida to‘satdan alanga chiqib, mehmonlar o‘rtasida kuchli vahima yuzaga kelgan.
Mahalliy rasmiylarning ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida 22 kishi halok bo‘lgan. Shuningdek, ko‘pchilik turli darajadagi jarohatlar bilan shaharning Vijana, Maman Yemo, Kamp Kokolo kabi shifoxonalariga shoshilinch ravishda yotqizilgan.
Voqea guvohlarining aytishicha, zalda yagona va nisbatan tor chiqish eshigi bo‘lgani bois, odamlarning bir vaqtning o‘zida tashqariga chiqib ketishi imkonsiz bo‘lgan. To‘yxonani tez fursatda qoplab olgan quyuq tutun va yuzaga kelgan ommaviy vahima talafotlar soni ortishiga sabab bo‘lgan. Hozirda mutaxassislar tomonidan yong‘inning kelib chiqish sabablari aniqlanmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA