O‘rtacha hosildorlik 90 sentnerdan bo‘ladi (+video)
Dehqonlarning e’tirofiga ko‘ra, bu yil don yili bo‘ldi. Faqat uni o‘z vaqtida nes-nobud qilmay yig‘ib olish zarur. Zero, hosil omborlarga sig‘may ketadi bu yil, deydi ular.
Darhaqiqat, yaxshi niyat bilan ekilgan urug‘, ilm bilan yondashuv, zamonaviy texnologiya asosida ishlov berish, qolaversa, iqlim sharoiti hosildorlikka ta’sir qildi. Agar 2025-yilda Farg‘onada 94,3 ming gektar maydondan jami 816,7 ming tonna yoki har gektaridan o‘rtacha 86,6 sentnerdan hosil olingan bo‘linsa, bu yil 92 232 gektarga urug‘ sochilgan. Ammo hosildorlik 90 sentnerdan kam bo‘lmaydi, deydi mutaxassislar.

Toshloq tumanidagi “Yangi Guliston fayz” fermer xo‘jaligida 2026-yil hosili uchun yetishtirilgan g‘alla maydonlarida o‘rim-yig‘im ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish hamda qishloq xo‘jaligining dolzarb vazifalariga bag‘ishlangan viloyat ko‘rgazmali seminari bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, tumanlar hokimlari, daxldor tashkilot va boshqarmalar rahbarlari, soha mutaxassislari hamda Jamoatchilik kengashi a’zolari ishtirok etdilar.
Seminar avvalida nuroniylar tomonidan mamlakatimiz tinchligi, dasturxonlar to‘kinligi va xirmonlarning barakali bo‘lishini tilab duo qilindi. Shundan so‘ng fermer xo‘jaligida g‘alla o‘rimiga kirishildi.

– Bu yil xosildorlik 90-100 sentner bo‘lishini kutyapmiz, – deydi fermer Qahramon Karimov.
– Kombayndagi sharoitlar juda qulay. Konditsioner ham bor. Chang kirmaydi, –deydi kombaynchi Oybek Sheshaliyev. – Gektaridan 90 sentnerdan oshiq hosil chiqmoqda.
Hosildorlik urug‘, ishlov va, albatta, texnikaga bog‘liq. Fermer Qahramon Karimov bu masalani o‘tgan yillar daromadi hisobidan amalda hal qilib qo‘ydi.

– Lizingga texnika oldik. 80 foizini daromaddan to‘ladik. 25 ta texnikam bor. Boshqa fermerlarga ham xizmat ko‘rsatamiz, – deydi fermer. –120 bosh mol olib boqaman, 20 sotixda chorva qildim.
Qahramon bugun o‘rimga tushdi.
Toshloqning yana bir zabardast fermeri Jasurbek Shermatov donni o‘rib, g‘alladan bo‘shagan yerlarda kartoshka, pomidor kabi oziq-ovqat ekinzorlarini yaratdi.

– G‘alladan bo‘shagan maydonlarga tezlik bilan sabzavot va dukkakli mahsulotlar ekyapmiz, – deydi “Boymat Shermatov” fermer xo‘jaligi rahbari Jasurbek Shermatov. – Ularni sug‘orishda tomchilatish usulini qo‘lladik. Bu, birinchidan, suvni tejaydi. Ikkinchidan, suvga qo‘shilgan o‘g‘it ko‘chat tomiriga borib hosildorlikni oshiradi.
Tomchilatib sug‘orish usuli farg‘onalik dehqon uchun kundalik faoliyatining asosi bo‘lib qoldi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov seminar-yig‘ilishda ikki fermer misolida ilg‘or tajribani tahlil qildi va tegishli tavsiyalar berdi.

Farg‘onada 2026-yil don o‘rimi boshlandi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/U3x6Ywr8NG4" title="O‘rtacha hosildorlik 90 sentnerdan bo‘ladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA