Yetakchi yoshlar e’tirof etildi
Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov viloyatdagi faol va tashabbuskor yoshlar bilan uchrashdi.
Samimiy muloqotda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbus va g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr almashildi.
– Viloyatimiz hokimi Jo‘rabek Rahimov bilan bo‘lib o‘tgan bugungi uchrashuv biz, yoshlar uchun juda katta rag‘bat manbai bo‘ldi, - deydi yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Bobur Olimov. - Muloqot shunchaki rasmiy shaklda emas, balki juda samimiy va ochiq ruhda o‘tganidan xursandmiz. Viloyat rahbari tomonidan bildirilgan har bir fikr, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy takliflar bizda o‘z kuchimizga bo‘lgan ishonchni yanada oshirdi.

Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan o‘zining yuksak iqtidori, o‘qish va mehnatdagi alohida yutuqlari, ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan yoshlarga viloyat hokimining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Uchrashuvdan so‘ng Urganch shahrida yangi bunyod etilgan “Lazgi” muzeyi hamda O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining Urganch filialiga sayohat tashkil etildi. Yoshlar ushbu maskanlarning faoliyati, yaratilgan sharoitlar va yoshlarga taqdim etilayotgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar.

Sayohat davomida milliy san’atimizning betakror namunasi bo‘lgan “Lazgi” tarixi va uning boy merosi, shuningdek, xoreografiya sohasida ta’lim olayotgan yoshlar uchun yaratilgan zamonaviy imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri