Adolat va mas’uliyat — sudya faoliyatining bosh mezoni
Toshkent viloyati sudida sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, odil sudlov sifatini ta’minlash va sudyalarning kasbiy mas’uliyatini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Robaxon Mahmudova, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, viloyatdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, viloyat sudlari sudyalari va xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida Prezidentining tegishli farmoyishiga asosan Toshkent viloyati ma’muriy sudi raisi lavozimiga tayinlangan Dilmurod Karimov viloyat sudlari jamoasiga tanishtirildi. Tadbirda so‘zga chiqqan Oliy sud raisi sudyalik kasbi yuksak huquqiy bilim va professional mahorat bilan bir qatorda, halollik, xolislik, yuksak ma’naviyat va katta mas’uliyatni talab qilishini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, sudya har qanday vaziyatda qonun va adolat mezonlariga tayanishi, qabul qilayotgan har bir qaror inson taqdiri va huquqlariga bevosita daxl qilishini chuqur anglashi lozim. Shu nuqtai nazardan sudyalik odobi va kasb etikasi qoidalariga qat’iy rioya qilish, sudyalik sha’ni va obro‘sini asrash, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhim vazifalardan hisoblanadi.

Tadbirda mas’ullarga fuqarolar bilan muloqotda madaniyatli bo‘lish lozimligi yana bir bor aytildi. Sudga o‘z muammosi bilan murojaat qilgan har bir insonni sabr va e’tibor bilan eshitish, uning huquq va qonuniy manfaatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish sudyaning muhim kasbiy burchidir.
Zero, inson sudga, avvalo, adolat va haqiqat izlab murojaat qiladi. Har bir murojaatga xolis, vazmin va mas’uliyat bilan yondashish esa fuqarolarning sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashning muhim shartidir.
Yig‘ilish yakunida sudyalar va sud xodimlariga qonun ustuvorligi va adolat tamoyillariga sodiq qolish, xizmat vazifalarini sidqidildan bajarish, xalq ishonchini oqlash hamda sud hokimiyatining yuksak nufuzini munosib saqlash bo‘yicha tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.
A.Musayev,O‘zA