Yerlarni ijaraga olishda imtiyozlar joriy etildi
Mamlakatimizda keyingi yillarda fermer xo‘jaliklarining huquqiy maqomini mustahkamlash, yerni sotib olish, foydalanish, mahsulot yetishtirish va sotishda ularga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ajratishda shaffof mexanizm joriy etilib, fermerlarga elektron auksion orqali yerni erkin sotib olish imkoniyati va ijara huquqini himoya qilish kafolati berildi. Bu haqda “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ Andijon viloyati hududiy vakili Jamshidbek Isroilov quyidagilarni bayon qildi.
– Prezidentimizning joriy yil 24-apreldagi “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining yerdan foydalanishdagi mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ana shu yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etishga xizmat qiladi. Farmonga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha tajriba-sinov tariqasida boshlangan yangi tizimning ijobiy natijalaridan kelib chiqib, ushbu amaliyotni respublikaning barcha hududlarida tatbiq etish orqali yaxlit tizimni joriy qilish belgilandi.
Endilikda yerdan foydalanish ixtisosligi oldindan belgilanib, elektron onlayn auksion savdolarga chiqarilgan va uzoq davrdan beri sotilmay turgan yer uchastkalari yangi tizim asosida qaytadan auksion savdolarga chiqarila boshlandi.
Farmonga asosan shunday tartib o‘rnatildiki, 2026-yil 1-maydan boshlab respublikaning barcha hududlaridagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari Prezidentimizning 2025-yil 3-fevraldagi “Qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari unumdorligini oshirish, tarmoqqa инвестициялар jalb qilish uchun qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan tartibda realizatsiya qilinadi.
Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlarining taklifiga asosan, 50 gektardan 500 gektargacha o‘lchamdagi yer uchastkalarini faqat sanoat usulidagi plantatsiyalar tashkil qilish va chorvachilik uchun yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanish turini belgilagan holda auksion savdolarga chiqarishga yo‘l qo‘yiladi.
Auksion savdolarga chiqariladigan yer uchastkalarining boshlang‘ich narxi yer uchastkasi normativ qiymatining 50 foizi miqdorida belgilanadi. Har bir takroriy savdoda sotilmagan lot narxi 10 foizdan bosqichma-bosqich boshlang‘ich narxning 10 foizi miqdoriga (yer uchastkasini auksion savdolarga chiqarish xarajatlaridan kam bo‘lmagan miqdoriga) qadar pasaytiriladi.
Birinchi auksion savdosi tegishli yer uchastkasi haqidagi xabarnoma e’lon qilingan kundan boshlab o‘n besh kun muddatda va takroriy savdolar bir kun muddatda o‘tkaziladi.
Yaylovlar, pichanzorlar va lalmi yer maydonlari auksion savdolariga chiqarilganda lotning boshlang‘ich narxi yer uchastkasi normativ qiymatining bir foizi hamda yer uchastkasini auksionga chiqarish, yerlarni foydalanishga kiritish bo‘yicha yer tuzish loyihasi va texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqish xarajatlari hamda ijara huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun to‘lov miqdoriga teng summada belgilanadi.
Yer uchastkalarini paxtachilik va g‘allachilik ixtisosligi bo‘yicha ijaraga olgan sub’ektlar jami yer uchastkasining 50 foiz qismiga nisbatan ijara huquqidan ixtiyoriy ravishda voz kechganda yer uchastkasining o‘zida qoladigan qismi uchun yangi tizimda belgilangan huquqlar, majburiyatlar va yangidan 49 yilga ijara huquqiga ega bo‘ladi.
Faxriddin Ubaydullayev yozib oldi.
O‘zA muxbiri.