Qurilish sohasida yangi bosqich
Keyingi yillarda mamlakatimizda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini ulug‘lash, aholining munosib turmush sharoitini ta’minlash va zamonaviy shaharsozlik muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Jumladan, Navoiy viloyatida qurilish sohasini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish, uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirish hamda kommunal xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha amaliy ishlar davom etmoqda. Bu haqda viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Otaqulov quyidagilarni gapirib berdi.
– So‘nggi yillarda qurilish sohasida raqamli boshqaruv tizimlari joriy qilinishi natijasida pudrat tashkilotlari faoliyatining shaffofligi va samaradorligi ortdi. Bugungi kunda viloyatdagi 1390 ta pudrat tashkilotining 830 tasi moliyaviy barqarorlik reytingiga kiritilgani sohada raqobat muhiti kuchayganidan dalolat beradi. Eng muhimi, 2024-2026-yillar davomida 6 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Joriy yilda markazlashtirilgan dasturlar doirasida 548 ta ob’ektda 2 trillion 464 milliard so‘mlik qurilish ishlarini amalga oshirish belgilangan bo‘lib, bugungi kunga qadar 1 trillion 508 milliard so‘mlik ishlar bajarildi va 185 ta ob’ekt foydalanishga topshirildi.
Viloyat taraqqiyotining eng yirik loyihalaridan biri – “Yangi Navoiy” shaharchasidir. Ushbu shaharcha 1098 gektar maydonda barpo etiladi. Birinchi bosqichda 450 gektar hudud o‘zlashtirilib, zamonaviy turar joylar, maktab va bog‘chalar, tibbiyot, savdo hamda xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, muhandislik tarmoqlari va dam olish maskanlari qurilmoqda. Ayni paytda 39 ta lot bo‘yicha qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shaharsozlik sohasida ham viloyatda tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Davlatimiz rahbarining 2023-yil 11-sentabrdagi “Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish hamda 2023 – 2027-yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida shahar va qishloq aholi punktlarining bosh rejalari hamda rivojlantirish sxemalari ishlab chiqilmoqda.
Kommunal sohadagi islohotlar ham aholi turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan. Bugungi kunda Navoiy viloyatidagi 2127 ta ko‘p qavatli uyga 77 ta boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatmoqda. Prezidentning 2026-yil 5-fevral kuni qabul qilingan “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 348 ta uyni ta’mirlash rejalashtirilgan bo‘lib, bugunga qadar 209 tasida ishlar yakunlandi. Tom qismlari, fasadlar, muhandislik tarmoqlari, kirish yo‘laklari ta’mirlanib, energiya tejamkor yoritish tizimlari va kodli eshiklar o‘rnatildi.
Ko‘p xonadonli uylar atrofidagi infratuzilmani yaxshilash maqsadida respublika byudjetidan 39,2 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bu mablag‘lar hisobiga bolalar maydonchalari, yo‘laklar, irrigatsiya tarmoqlari va boshqa ijtimoiy ob’ektlar barpo etilmoqda. Shu bilan birga, ko‘p qavatli uylardagi liftlarni yangilash va ta’mirlash ishlari ham bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
[gallery-30775]
Ayni paytda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ham ustuvor vazifalardan hisoblanadi. Issiqlik tarmoqlarini ta’mirlash, qozonxonalarni modernizatsiya qilish, yangi issiqlik quvurlarini qurish va individual issiqlik punktlarini o‘rnatish bo‘yicha qator investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Uchquduq shahrida issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya qilish, “Yangi Navoiy” shaharchasida yangi issiqlik tarmoqlarini qurish va yuzlab xonadonlarga individual issiqlik punktlarini o‘rnatish bo‘yicha ishlar boshlangan.
Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bunyodkorlik siyosati Navoiy viloyatida ham yangi taraqqiyot bosqichini boshlab berdi. Bugun qurilayotgan har bir uy, barpo etilayotgan har bir maktab yoki muhandislik tarmog‘i kelajak avlodlar uchun munosib hayot muhitini yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari