YeCHL: ilk uchrashuvlarda kuchlilar o‘z so‘zini aytdi
Abduqodir Husanov Yevropa chempionlar ligasidagi yangi mavsumni g‘alaba bilan boshladi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi «Manchester Siti»ning «Portu»ga qarshi safar uchrashuvida ikkinchi bo‘lim boshida maydonga tushdi.
Futbol bo‘yicha Yevropa chempionlar ligasi umumiy bosqichining ilk turidan o‘rin olgan oltita uchrashuv o‘z yakuniga yetdi va bugun yana oltita bahs o‘tkaziladi.
Dastlabki uchrashuvlar orasida mamlakatimiz futbol ixlosmandlari uchun «Portu» — «Manchester Siti» klublari to‘qnashuvi alohida e’tiborni tortgani shubhasiz. Portugaliyada kechgan bahsda mehmonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvning birinchi bo‘limida hisob ochilmagan bo‘lsa-da, tanaffusdan so‘ng «Manchester Siti» hujumda faollikni oshirdi. 47-daqiqada Erling Xoland mezbonlar darvozasini ishg‘ol etib, jamoasini oldinga olib chiqdi. O‘yin yakuniga yaqin esa norvegiyalik hujumchi yana bir bor gol urib, «shaharliklar»ning g‘alabasini mustahkamladi — 2:0.
Quvonarlisi, «Manchester Siti» safida O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Abduqodir Husanov ham maydonga tushdi. Himoyachi 48-daqiqada Yoshko Gvardiol o‘rniga zahiradan o‘yinga qo‘shildi. Uning uchrashuvdagi harakatlari «Sofascore» tomonidan 6,8 ballga baholandi.

Qolgan uchrashuvlarda quyidagi natijalar qayd etildi:
«AEK Afina» — «LASK» — 1:0
«Bryugge» — «Aston Villa» — 2:3
«Lill» — «Betis» — 2:3
«Real Madrid» — «Inter» — 2:1
«Borussiya Dortmund» — «Vilyarreal» — 3:2.
YeCHL umumiy bosqichining 9-sentabr kunigi bahslarida «Shtutgart» — «Viking», «Barselona» — «Feyenoord», «Liverpul» — «Atletiko Madrid», «PSJ» — «Slovan», «Sporting» — «Galatasaroy» hamda «Napoli» — «Arsenal» jamoalari o‘zaro kuch sinashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA