"Ye-huquqshunos" elektron tizimi qanday qulayliklarga ega?
Mamlakatimizda keyingi yillarda aholi va tashkilotlarga yuridik xizmat ko‘rsatib, huquqiy bilimini mustahkamlash hamda sohani yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 29 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham bu boradagi ishlar samaradorligini yangi bosqichda oshirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur qarorga muvofiq shu yilning 1 oktyabridan respublikamizning barcha hududiy adliya boshqarmalari huzurida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, davlat tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ma’lumot va jarayonlarni elektron ravishda yig‘ish, qayta ishlash, tahlil qilish imkonini beruvchi "Ye-huquqshunos" elektron tizimi joriy etildi.

Ayni kunlarda o‘z faoliyatini boshlagan Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi huzuridagi Termiz shahar yuridik xizmat ko‘rsatish markazi xodimlari ham ushbu qarorning mazmun-mohiyatini davlat tashkilotlari xodimlariga tushuntirib, "Ye-huquqshunos" elektron tizimi imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish yuzasidan bilim va ko‘nikmalarini shakllantirmoqda. O‘quv-seminarlar tashkil etilmoqda.
Termiz shahar moliya bo‘limida o‘tkazilgan ana shunday tadbirda rahbar va xodimlarga Prezidentimizning joriy yil 29 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ish boshlagan yuridik xizmat ko‘rsatish markazining asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari shuningdek, ishga tushurilayotgan “Ye-huquqshunos” elektron tizimidan to‘g‘ri foydalanish hususida batafsil ma’lumot berildi.
Xususan, yangi markaz yuridik xizmat ko‘rsatiladigan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini huquqiy jihatdan ta’minlab, ularga sifatli va malakali yuridik yordam ko‘rsatishi, davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirib borishi tushuntirildi.
Davlat tashkilotlarida yuridik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ma’lumot va jarayonlarni elektron ravishda yig‘ish, qayta ishlash, tahlil qilish imkonini beruvchi "Ye-huquqshunos" elektron tizimining qulayliklari, davlat tashkilotlarining mulkiy hamda boshqa huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘z vaqtida samarali himoya qilinishi, davlat tashkilotlari tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning qonuniy, har tomonlama puxta va sifatli bo‘lishini ta’minlash kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Seminarda ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob berildi.
M.Turdiyev, S.Sayfitdinov , Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi huzuridagi Termiz shahar yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsultlari
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA