Yashillikka burkanayotgan Andijon
Xalqimizning “Ko‘chat ekish, bog‘ yaratish, xayrli va savobli ish” degan ibratli gapi bejiz aytilmagan. Chunki ko‘chat ekish, chor-atrofni yashil hududlarga aylantirish, eng avvalo, salomatligimizni mustahkamlashga, hayotimiz farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan eng muhim omillardan hisoblanadi. Shu bois ham, keyingi yillarda yurtimizda ko‘chat ekish, yashil makonlar barpo etish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Andijon viloyatida ko‘chat ekish, yashil hududlarni barpo etish borasida ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Birgina 2024-2025-yillarda “Yashil makon” loyihasi doirasida viloyatda 30 million tupdan ziyod ko‘chat ekilib, viloyatning yashillik darajasi yanada ortdi. Umuman, loyiha boshlangan 2016-yilda viloyatda yashillik darajasi 8,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan 10 yil davomida ushbu ko‘rsatkich 14,1 foizga yetdi. 2030-yilga qadar viloyatning yashillik darajasini 30 foizga yetkazish maqsad qilingan.


Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yil 23-sentabrda imzolangan “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda mahallalar rolini kuchaytirish va hududlarning yashillik darajasini tubdan oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni alohida e’tirof etish lozim.
Joriy yil kuz mavsumida viloyatda "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida jami 10 million 732 ming tup manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chati, qalamchalarini ekish rejalashtirilgan.
– Loyiha doirasidagi ishlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish maqsadida Andijon viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi boshqarmasida viloyat shtabi hamda tuman, shahar hokimliklarida ishchi guruh va shtablar tashkil etildi, – deydi boshqarma boshlig‘i Lazizbek Hasanov. – Bundan tashqari, ko‘chat ekish tadbirlarini sifatli o‘tkazish uchun zarur choralar ko‘rildi. Jumladan, boshqarma tashabbusi bilan Davlatimiz rahbarining farmonida belgilangan vazifalar ijrosini samarali ta’minlash maqsadida qator seminarlar, davra suhbatlari o‘tkazildi. Tuman hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, tuman ekologiya bo‘limi boshliqlari, Andijon davlat o‘rmon xo‘jaligi vakillari ishtirok etgan ana shu tadbirlarda loyihani amalga oshirish, hududlarda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini samarali tashkil etish, ekilgan ko‘chatlarni parvarishlash va ularning saqlanishini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilib, muhim vazifalar belgilab olindi.


Shu kunlarda viloyatning barcha tuman va shaharlarida kuzgi ko‘chat ekish jarayoniga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Joriy yil kuzgi ko‘chat ekish mavsumida har bir shahar va tumanlarda 2 tadan mahallada mikroo‘rmon, soyali sayr ko‘chalar, jamoatchilik bog‘lari barpo etish ko‘zda tutilgan. Ayni kunlarda barpo etiladigan ko‘chalar belgilab olindi, bog‘lar uchun yer maydonlari ajratildi. Bundan tashqari, 2 tadan mahalla hududida kompost tayyorlash uchun maxsus joylar, shox-shabba maydalagich uskunasi o‘rnatish, bog‘ barpo etish uchun 10 tadan yashil lotlarga shartnoma qilish hamda 5 tadan mahalla hududlarida maxsus banner va elektron tablolar o‘rnatish bo‘yicha joylar va yer maydonlari aniqlanib, bu boradagi ishlar yakuniga yetkazilmoqda.
Kuzgi ko‘chat ekish mavsumida har bir shahar va tumanda ko‘chat ekish aksiyalari o‘tkaziladi. Aksiyalar doirasida tanlab olingan mahallalarda barpo etiladigan “Yashil bog‘lar” uchun 49,3 gektar yer maydoni tanlab olinib, ko‘chat ekish uchun tayyorlab qo‘yildi.
Yashil bog‘lar Andijon shahridagi Sadoqat (1 gektar), Xonobod shahridagi Mustaqillik (6,9 gektar), Andijon tumanidagi Qo‘shariq (0,7 gektar), Asaka tumanidagi Ergashobod (20 gektar), Baliqchi tumanidagi Qahramon (0,5 gektar), Buloqboshi tumanidagi Qaqir (0,5 gektar), Bo‘ston tumanidagi Obod (0,5 gektar), Yangi qishloq (0,5 gektar), Jalaquduq tumanidagi Hamzaobod (5,5 gektar), Izboskan tumanidagi Qo‘g‘ay (3,7 gektar), Marhamat tumanidagi Hasanmergan (1,5 gektar), Oltinko‘l tumanidagi Sharq yulduzi (1,5 gektar), Paxtaobod tumanidagi Qashqar (1 gektar), Guliston-Pastqishloq (1 gektar), Ulug‘nor tumanidagi Shahriobod (1,5 gektar), Xo‘jaobod tumanidagi “Mustaqillikning 27 yilligi” (1 gektar), Shahrixon tumanidagi Beshmahalla (1 gektar) va Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Norbo‘ta (1 gektar) mahallalarida barpo etiladi.
Hozirga qadar viloyatda kuz mavsumida ekiladigan 10 million 732 ming tup ko‘chat zaxirasi to‘la yaratildi. Jumladan, viloyatdagi 56 ta ko‘chatchilik bilan shug‘ullanadigan xo‘jaliklar hamda aholi xonadonlarida 11 million tupdan ziyod mevali, manzarali daraxt va buta ko‘chatlari mavjud.

Kuzgi ko‘chat ekish jarayonida viloyatning iqlim va tuproq sharoitiga mos bo‘lgan pavloniya, kashtan, qayrag‘och, qarag‘ay, chinor, eman, terak singari 20 ga yaqin turdagi manzarali daraxt ko‘chatlari ekilishiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mavsumda mahalla, korxona va tashkilotlar hududlari, yo‘llar, fermer xo‘jaliklari dala maydonlarining chetlari hamda aholi xonadonlariga ham ko‘chatlar o‘tkazildi.
Loyiha doirasida ekilgan ko‘chatlarning saqlash, parvarishlash va sug‘orishga mas’ul va mutasaddilar biriktirilib, zarur ishlar olib boriladi. Ekilgan ko‘chatlar “Yashil makon” elektron platformasiga kiritiladi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari