Reklama matnlarida davlat tiliga e’tibor qanday?
Mamlakatimizda davlat tilining nufuzini oshirish, uning jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash hamda davlat tilida axborot taqdim etish madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan muntazam ravishda tashqi yozuvlar, xususan, peshlavhalar, reklama va boshqa e’lonlar hamda axborot matnlarining davlat tili qoidalariga muvofiqligi yuzasidan o‘rganishlar olib boriladi.
Xususan, respublika hududlarida joriy yilning o‘tgan davr mobaynida 16 ming 57 ta monitoringlar o‘tkazilgan. Shundan 4 ming 496 ta holatda turli kamchiliklar aniqlangan. Bunda 2 ming 344 ta holatda peshlavhalar, tashqi yozuv va boshqa e’lonlar matni, 975 ta tashqi reklamalar matni boshqa tillarda berilgani, 841 ta peshlavha, tashqi yozuvlar va boshqa e’lonlardagi hamda 336 ta tashqi reklama vositasidagi reklama va axborotlar matnida lug‘aviy ma’nosi buzilgani va imloviy xatolar mavjudligi aniqlangan bo‘lib, kamchiliklarni tezkor bartaraf etish choralari ko‘rilgan hamda ular davlat tili va reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirilishi ta’minlangan.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida go‘zallik salonlari, avtoservislar hamda qurilish materiallari savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga reklamani joylashtirishda davlat tili va reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etish yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.
Shu o‘rinda, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan reklamani tayyorlash, joylashtirish va tarqatishda davlat tili hamda reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga amal kilishlari lozim.
O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi Qonuni 6-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama davlat tilida tarqatiladi. Reklama mazmunining tarjimasi belgilangan talablarga rioya etilgan holda boshqa tillarda ham takrorlanishi mumkin.
Shuningdek, tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari hamda qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan boshqa belgilarning asl shakli va tilini saqlash bilan bog‘liq talablar ham inobatga olinishi lozim.
Tashqi reklamani joylashtirishda ularning mazmuni, imloviy va uslubiy jihatdan to‘g‘ri rasmiylashtirilishiga, shuningdek, amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqligiga e’tibor qaratish zarur.
Nigora Rahmonova,
O‘zA