Yashil maydondagi do‘stona bahs
Namangan shahrida “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali tashabbusi bilan mini-futbol bo‘yicha filial kubogi musobaqasi o‘tkazildi. Mazkur musobaqada filial hamda uning shahar, tuman gaz bo‘limlari ishchi-xodimlari hamda filial rahbariga biriktirilgan Uychi tumani yoshlar jamoasi ishtirok etdi.
Bellashuvlar davomida jamoalar g‘alaba uchun astoydil kurash olib borar ekan, maydonda sportga xos shijoat, ahillik, o‘zaro hurmat va jamoaviy birdamlik yaqqol namoyon bo‘ldi. Murosasiz kechgan uchrashuvlarning yakunlovchi hal qiluvchi final o‘yinida 5:4 hisobida zafar quchgan Uychi tumani yoshlar jamoasi g‘olib chiqib, kubokni qo‘lga kiritdi. Faxrli ikkinchi o‘rinni “Yangi Namangan tumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi jamoasi egalladi.
Uchinchi pog‘onaga esa, “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali jamoasi ko‘tarildi. Ular sovrin yo‘lida chortoqlik hamkasblarini 10:2 hisobida taslim etishdi.

Musobaqaning barcha g‘olib-sovrindor jamoalari hamda faol o‘yinchilari filial rahbariyati va boshlang‘ich kasaba uyushmasi tomonidan tantanali ravishda munosib taqdirlandi.
– Bunday sport tadbirlari nafaqat sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, balki, jamoa a’zolari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ertamiz egalarini yangi marralar sari ruhlantirishga xizmat qiladi, – deydi “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali boshlang‘ich kasaba uyushmasi raisi Abdulbosit Sobirov.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA