Yashil makon: samaradorlik ekilgan ko‘chatlar soni bilan emas, balki ularning keyingi holati asosida baholanadi
Bugun biz insoniyat taraqqiyotning shunday bir bosqichida yashayapmizki, unda global isish, iqlim o‘zgarishi, chang-to‘zonlar va suv tanqisligi kabi ekologik muammolar shunchaki nazariy xavf emas, balki kundalik hayotimizning achchiq haqiqatiga aylanib ulgurdi. Bunday global tahdidlar sharoitida tabiat bilan uyg‘un yashash, ekologik muvozanatni tiklash har bir davlatning eng ustuvor vazifasidir.
Shu bois, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda bu borada boshlangan keng ko‘lamli sa’y-harakatlar, xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi mamlakatimizning yashil kelajagini ta’minlashga qaratilgan strategik qadam sifatida dunyo nigohida e’tirof etilmoqda.
Mazkur loyiha faqatgina daraxt ekish aksiyasi emas, balki xalqimizning ekologik madaniyatini yuksaltiruvchi, yurtimizning har bir qarich yerini obod va ko‘rkam qiluvchi umummilliy harakatga aylandi. Uning kelgusidagi o‘rni va ahamiyatini to‘laqonli anglash uchun esa amalga oshirilayotgan ishlarni tanqidiy fikrlab, zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida yangi bosqichga ko‘tarish talab etiladi.

Kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida “Yashil makon” umummilliy loyihasini yangi bosqichga olib chiqish, mahallalarda qulay ekologik muhit yaratish hamda innovatsion yechimlarni joriy etish yuzasidan o‘tkazilgan taqdimot bu boradagi ishlar sifatini yangi darajaga ko‘tarishda muhim qadam bo‘ldi. Mamlakatimizda keyingi yillarda millionlab ko‘chatlar ekilgan bo‘lsa-da, amaliyotda ayrim kamchiliklar ko‘zga tashlanayotgani ko‘z yumib bo‘lmas holat hisoblanadi. Jumladan, hududning iqlimi va tuprog‘iga mos kelmaydigan daraxt turlarini tanlash, suv ta’minoti yo‘q joylarga ko‘chat ekish yoki ularni yetarlicha parvarishlamaslik oqibatida ba’zi ko‘chatlarning qurib qolishi bilan bog‘liq holatlar ijtimoiy tarmoqlarda ham jiddiy muhokamalar keltirib chiqargani hech kimga sir emas.
Shu bois, davlatimiz rahbari ishlarning samaradorligini faqat ekilgan ko‘chatlar soni bilan emas, balki ularning bir, uch va besh yildan keyingi holati asosida baholash zarurligini qat’iy ta’kidladi. Bundan buyon ko‘kalamzorlashtirish ishlarini ilmiy asosda tashkil etish, yerni tayyorlashdan boshlab to sug‘orish tizimini yaratish va ko‘chatlarni kamida uch yil davomida parvarishlash jarayonlarini to‘liq qamrab oluvchi yaxlit tizim joriy etilmoqda. Endilikda har bir hududning o‘ziga xos ob-havo sharoiti, olimlarning xulosalari hisobga olinib, mahalliy iqlimga mos, issiqqa, sovuqqa va suv tanqisligiga chidamli daraxt turlariga ustuvorlik beriladi.
Xususan, Ekologiya qo‘mitasiga har bir mahalla kesimida ko‘chat turi, joylashuvi va sug‘orish tizimi aniq ko‘rsatilgan “yashil xarita”larni ishlab chiqib, aholiga e’lon qilish vazifasi qo‘yilgani jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda muhim qadamdir. Shuningdek, daraxt ekish ishlarini birinchi navbatda aholi gavjum joylar, piyodalar yo‘laklari va tunu kun ishlaydigan ko‘chalarda tashkil etish, soya beruvchi daraxtlarni ko‘paytirish orqali fuqarolarning yurishi va dam olishi uchun munosib sharoitlar yaratish nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, “Yashil makon” loyihasining mazmun-mohiyatini quyi tuzilmalar sanalgan mahallalar hayotiga chuqur singdirish maqsadida “Yashil mahallam” dasturi ilgari surilmoqda. Unga ko‘ra, mahallalarning buyurtmasi asosida sifatli ko‘chatlar, organik o‘g‘itlar va suv tejovchi sug‘orish vositalari yetkazib beriladi, daraxtlarni kasallik hamda zararkunandalardan himoya qilish xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.

Har bir mahallaga professional o‘rmonchi-murabbiylarning biriktirilishi aholi, ayniqsa yoshlarga ko‘chat ekish va ularni parvarishlash sir-asrorlarini amalda o‘rgatish imkonini beradi. Natijada xonadonlar, maktablar va bog‘chalar atrofida kichik daraxtzorlar hamda jamoat bog‘lari barpo etilib, ushbu ishga keng jamoatchilik va ko‘ngillilar faol jalb etiladi.
Shuningdek, mahallalarning “yashil reytingi” joriy etilishi kutilmoqda. Bunda yashil maydonlarning ulushi, aholi soniga nisbatan daraxtlar soni, yangi ko‘chatlarning rivojlanib ketish ko‘rsatkichlari hamda aholining ishtiroki asosiy mezon bo‘ladi. Yuqori natija ko‘rsatgan mahallalarning obodonlashtirilishi uchun qo‘shimcha mablag‘lar va maqsadli mikrograntlar ajratilishi rag‘batlantirishning samarali mexanizmiga aylanadi.
Zamonamiz taraqqiyotini ilm-fan va raqamli texnologiyalardan ayricha holda tasavvur etib bo‘lmaydi. “Yashil makon” loyihasini yanada takomillashtirishda innovatsion yechimlar, xususan, “Yashil AI” modulining tajriba tariqasida ishga tushirilishi katta ahamiyatga ega. Sun’iy intellekt yordamida tuproq tarkibi, iqlim o‘zgarishlari va suv ta’minoti chuqur tahlil qilinib, muayyan hudud uchun eng maqbul ko‘chat turlari tanlab beriladi.
Xulosa qilib aytganda, “Yashil makon” umummilliy loyihasi shunchaki mavsumiy tadbir emas, balki millatimizning ekologik taqdirini belgilovchi, kelajak avlodlarga sog‘lom va musaffo tabiatni meros qoldirishga qaratilgan strategik harakatdir. Loyihani ilmiy asosda tashkil etish, unga raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt imkoniyatlari va jamoatchilik nazoratini integratsiya qilish yurtimizda ekologik madaniyatni yangi bosqichga olib chiqadi. Agar har bir fuqaro, har bir mahalla va jamoa bu ezgu ishga daxldorlik hissi bilan yondashsa, O‘zbekistonimiz chinakam yashil va obod makonga aylanadi.
Muharram DADAXO‘JAEVA,
“Adolat” SDP Toshkent shahar kengashi raisi.
O‘zA