“Yashil makon”: Jizzaxda 10,8 million tup ko‘chat ekiladi
Jizzax viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida kuzgi mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda bahorgi mavsumda yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar tahlil qilinib, endi asosiy e’tibor ekilgan ko‘chatlar soniga emas, ularning yashovchanligiga qaratilishi ta’kidlandi. Buning uchun har bir niholning qayerga ekilishi, suv ta’minoti va keyingi parvarishi oldindan belgilab qo‘yiladi.

Joriy kuz mavsumida viloyat bo‘yicha 10 million 800 ming tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan. Bu bahorda belgilangan 5 million 900 ming tup rejaga nisbatan qariyb ikki barobar ko‘p. Ko‘chatlar yangi bog‘ va tutzorlar, mahallalar, fermer xo‘jaliklari dala chetlari, o‘rmon xo‘jaliklari, avtomobil va temir yo‘llar bo‘ylari, kanal va ariqlar sohillari, sanoat korxonalari, ta’lim hamda tibbiyot muassasalari hududlariga ekiladi.
Rejaga ko‘ra, 3 million 900 ming tup ko‘chat bog‘ va tutzorlar barpo etishga, 1 million 600 ming tupi mahallalarga, 1 million 800 ming tupi fermerlar dala chetlariga yo‘naltiriladi. Qolgan ko‘chatlar boshqa belgilangan hududlarni ko‘kalamzorlashtirishga sarflanadi.

Hudud rahbarlari va soha mutasaddilariga ko‘chat ekiladigan maydonlarni o‘n kun muddatda tayyorlash, sug‘orish imkoniyatlarini yaratish va yetarli ko‘chat zaxirasini shakllantirish vazifasi yuklatildi.
Yangi mavsumda ko‘kalamzorlashtirish ishlari mahallalarda ham keng quloch yoyadi. Xususan, xonadonlar atrofini obodonlashtirish, daraxt va gullar ekish jarayoniga mahalla faollari, nuroniylar, faxriylar va keng jamoatchilik jalb etiladi. Viloyatning 13 ta mahallasida uch gektardan maydonda namunaviy “Yashil bog‘”lar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
“Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda mahallalar rolini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida “3-30-300” tamoyilini bosqichma-bosqich joriy etish ham nazarda tutilmoqda. Unga ko‘ra, aholi uchun daraxtlar sonini ko‘paytirish, hududlarda soya-salqin yashil maydonlarni kengaytirish va yashil hududlarni piyoda yetib borish mumkin bo‘lgan masofada tashkil etish maqsad qilingan.

Yer maydoni cheklangan joylarda ham yashil hududlar yaratish imkoniyatlaridan foydalaniladi. Ko‘p kvartirali uylar oralig‘i, maktab va bog‘chalar hovlilarida mahalla “mikro-o‘rmon”lari, beton va asfalt qoplamali joylarda esa kichik jamoat bog‘lari tashkil etiladi.
Ko‘chat ekish bilan bir qatorda mavjud daraxtlarni asrash, ariq va zovurlarni tozalash, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqishga ham e’tibor qaratiladi. Shu maqsadda 1-oktabrdan “Tozalik va obodonlik” dolzarb oyligi boshlanib, mahallalar, ko‘p kvartirali uylar atrofi, ijtimoiy soha ob’ektlari, avtomobil yo‘llari va jamoat joylarida obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi.
Hududlarning yashillik darajasini oshirish uchun “Yashil dastur”lar ham ishlab chiqiladi. Ularda yangi bog‘lar va soyali sayr yo‘laklarini barpo etish, suv tejovchi sug‘orish tizimlarini joriy qilish, daraxtlarni parvarishlash bo‘yicha aniq manzil, muddat, mablag‘ va mas’ullar belgilanadi.

Zero, daraxt ekish – bir kunlik tadbir emas. Uni ekishdan ko‘ra asrab qolish muhim. Niholning ildiz otib, yillar davomida yashnab turishi uchun suv, mehnat va muntazam parvarish zarur. Shu bois “Yashil makon”ning haqiqiy samarasi ekilgan ko‘chatlar soni bilan emas, ularning ertaga ham sog‘lom va barhayot bo‘lishi bilan o‘lchanadi.
Maqsad yagona – Jizzaxning har bir mahallasi, ko‘chasi va hududida yashillikni ko‘paytirish, aholi uchun yanada toza, soya-salqin va obod muhit yaratish.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri