Yashil energiya bo‘yicha memorandum imzolandi
Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi — InnoWeek–2026 doirasida Sirdaryo viloyatining Boyovut innovatsion tumani hamda Janubiy Koreyaning «KECC Holding Group» va «Geoteç Engineering-Design Group» kompaniyalari o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Memorandum hududda chiqindilarni qayta ishlash, muqobil energiya ishlab chiqarish va zamonaviy ekologik texnologiyalarni joriy etish orqali xalqaro innovatsion hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Kelishuv doirasida maishiy qattiq chiqindilarni saralash va qayta ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish, chiqindilar poligonida ajraladigan gazni yig‘ish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish, shuningdek, irrigatsiya kanallari imkoniyatlaridan foydalanib, kichik gidroelektr stansiyalarini (mini GES) tashkil etish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirish imkoniyatlarini baholash bo‘yicha hamkorlik olib boriladi.

Mazkur kelishuv Sirdaryo viloyatiga xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Rejalashtirilgan loyihalarning amalga oshirilishi chiqindilarni qayta ishlash samaradorligini oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va hudud iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

— Janubiy Koreya kompaniyalari bilan imzolangan memorandum Boyovut tumanida zamonaviy ekologik texnologiyalarni joriy etish, chiqindilarni qayta ishlash va muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Kelishuv doirasida chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish va mini GESlar tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish, investitsiyalarni jalb etish va yangi ish o‘rinlarini tashkil qilishga xizmat qiladi. Asosiy vazifa — erishilgan kelishuvlarni amaliy loyihalarga aylantirish va ularning samarasini aholi hayotida namoyon etishdir, — dedi Boyovut tumani hokimining innovatsion rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Murodjon To‘raqulov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri