Yangiyerlik pedagogning g‘alabaci
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi 17-sonli umumta’lim maktabida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining inklyuziv ta’lim sinflarida faoliyat yuritayotgan maxsus pedagoglar o‘rtasida “Yilning eng faol maxsus pedagogi” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlov maxsus pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirish, inklyuziv ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda ta’lim sifatini yanada yuksaltirish maqsadida tashkil etildi. Unda viloyatning turli tuman va shaharlaridan saralangan pedagoglar ishtirok etishdi.
Eng muhimi, ishtirokchilar 3 ta asosiy shart — korreksion-rivojlantiruvchi ochiq mashg‘ulot o‘tkazish, “Mening pedagogik faoliyatim” mavzusida taqdimot qilish hamda kasbiy bilim va kompetensiyalar bo‘yicha savol-javob bosqichlarida o‘z salohiyatlarini namoyon qilishdi.
[gallery-29579]
Mutaxassislar fikricha, bu kabi tanlovlar pedagoglarning kasbiy rivojlanishiga, yangi pedagogik yondashuvlarni amaliyotga joriy etishga hamda inklyuziv ta’lim sifatining oshishiga xizmat qiladi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Yangiyer shahridagi 1-umumta’lim maktabi maxsus pedagogi Mahliyo Usmonaliyeva viloyat bosqichida 1-o‘rinni egallab, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Guliston shahridagi 3-umumta’lim maktabi va Xovos tumanidagi 30-umumta’lim maktabi pedagoglari 2 va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.
G‘oliba Mahliyo Usmonaliyeva tanlov haqida fikr bildirib, ushbu yutuq uning kasbiy faoliyatida muhim bosqich bo‘lganini ta’kidladi.
– Inklyuziv ta’lim — har bir bolaning imkoniyatini ochish, unga ishonch berish demakdir. Bugungi yutug‘im jamoam va ustozlarimning qo‘llab-quvvatlashi natijasidir. Bu men uchun katta mas’uliyat va yangi ilhom manbai, – dedi u.
Tanlov yakunida g‘olib va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlanishdi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA