Toshkent xalqaro matematika olimpiadasi g‘oliblari aniqlandi
Toshkent xalqaro matematika olimpiadasining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro Nordik universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda YUNISEF hamkorligida tashkil etilgan olimpiadada mamlakatimizning 14 ta hududidan saralab olingan 150 nafarga yaqin hamda AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Qozog‘iston, Pokiston, Bolgariya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston kabi 50 dan ortiq xorijiy davlatdan kelgan matematik yoshlar o‘z bilim va intellektual salohiyatini sinovdan o‘tkazdi.

Bellashuv davomida xalqaro do‘stlik va yangi tanishuvlar, sport, milliy va jamoaviy o‘yinlar, hunarmandchilik va san’at bo‘yicha master-klasslar, "Zakovat" formatidagi zavqli o‘yinlar hamda varraklar sayli tashkil etildi.
Saralash bosqichida o‘zining yuksak iqtidori va bilimini namoyish etgan o‘zbekistonlik o‘quvchilardan Muhammadali Ravshanov, Qodirbek To‘laganov, Ulug‘bek Nasriddinov, Temurbek Zokirov, Ulug‘bek Ibrohimov, Sirojiddin Ne’matov, Dostonbek Rahmonqulov, Elshod O‘ralov, Elbek Zohidjonov oltin medallarni qo‘lga kiritdi.

Tadbirda qayd etilganidek, dasturda yoshlarni xalqaro olimpiadalarga tayyorlash, iqtidorli o‘quvchilarni erta aniqlash va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizimni shakllantirish, ularda nafaqat matematik bilim, balki tahliliy fikrlash, strategik qaror qabul qilish, tezkor mushohada yuritish kabi muhim jihatlarga alohida ahamiyat qaratildi.

Ishtirokchilarga ijtimoiy va shaxsiy rivojlanishi uchun ham muhit yaratildi. Uning doirasida misollar tahlili, apellyatsiya jarayonlari, intellektual muloqotlar va interaktiv mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Ushbu olimpiada yoshlarga ilm-fan orqali katta orzular sari intilish, dunyodagi o‘z tengqurlari bilan raqobat qilish imkoniyatini taqdim etdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA