Yangilangan Konstitutsiya – saylov tizimining mustahkam siyosiy-huquqiy poydevoridir
Kuni kecha O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev Konstitutsiya kuni munosabati bilan xalqimizga bayram tabrigini yo‘lladi.
Davlat Rahbari joriy yilda ushbu bayram «siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizda katta o‘zgarishlar amalga oshirilayotgan tarixiy bir sharoitda» o‘tayotganini ta’kidladi.
Yangilangan Konstitutsiya Yangi O‘zbekistonni barpo qilish strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy asoslari, milliy davlatchiligimiz taraqqiyotining bugungi bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini o‘zida aks ettirgan tarixiy hujjat sifatida shakllandi.
Darhaqiqat, mazkur bayram mutlaqo yangi siyosiy-huquqiy shart-sharoit va muhitda nishonlamoqda. Xususan, buni quyidagilarda ko‘rish mumkin:
Birinchidan, yangilangan Konstitutsiyada belgilangan normalar demokratik-huquqiy davlat asoslarini yanada mustahkamlashga vakillik organlarining davlat va jamiyat ishini boshqarishdagi rolini kuchaytirishga qaratilgan.
Xususan, Oliy Majlis Senatining mahalliy vakillik organlari faoliyatiga ko‘maklashishi kabi muhim vakolati mustahkamlab qo‘yilmoqda. Ushbu normalar hokimiyat organlari mas’uliyat chegarasini aniq belgilashga, o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini optimallashtirishga, faoliyati samaradorligini oshirishga hamda parlamentning bugungi davrga mos, tom ma’noda xalqchil organga aylanishiga xizmat qilishi, shubhasiz.
Shuningdek, Senatga qonunchilikka oid takliflarni qonunchilik tashabbusi tartibida quyi palataga kiritish huquqi berilmoqda. Ushbu vakolat Senat tomonidan qonunchilik va nazorat-tahlil faoliyati hamda fuqarolar bilan muloqot natijalari bo‘yicha qonunlarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan aniq takliflarni quyi palataga kiritish imkonini beradi.
Mamlakat Prezidentining tabrigida ta’kidlangan muhim jihatlardan yana biri – bu hokimlar bir paytning o‘zida mahalliy kengashlarga ham rahbarlik qilib kelgan amaliyotdan ushbu organlarga ilk bor deputatlar orasidan saylangan kengash raisi boshchilik qiladigan yangi tizimga o‘tilayotgani hamda hokimlarning 30 dan ziyod vakolatlari mahalliy kengashlarga o‘tkazilgani amaliyoti joriy qilinayotganini alohida ta’kidlash lozim. Hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish institutini tugatish to‘g‘risidagi konstitutsion norma hokimiyat vakolatlarini bo‘linish prinsipini mahalliy darajada tatbiq etishga, o‘z navbatida, mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligini, hokimlarning xalq vakillari oldidagi mas’uliyatini oshirishga va hududlarda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, saylov tizimига oid konstitutsion normalar mamlakat siyosiy hayotidagi eng muhim o‘zgarishlardan bo‘ldi. Jumladan, fuqarolarning qaror qabul qilish jarayonidagi ishtirokini kengaytirish, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarida aholi manfaatlarining birinchi o‘rinda inobatga olinishi va ta’minlanishi asosiy ko‘rsatkichlardan biridir. Buning natijasida aholining ijtimoiy-siyosiy bilimi va faolligi darajasi, jamiyat va davlat hayotiga nisbatan daxldorlik va mas’uliyat hissi — umuman olganda siyosiy madaniyati sezilarli darajada ortdi.
Davlatimiz Rahbari o‘z tabrigida mamlakatimizda yangi tizim asosida bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga saylovlar xususida to‘xtalib “ochiqlik va raqobat ruhida o‘tgan saylovlar yangilangan Asosiy qonunimizni hayotga tatbiq etish yo‘lida g‘oyat muhim qadam bo‘lganini” yana bir bor ta’kidladi.
Ma’lumki, joriy yilning 27 oktyabr kuni O‘zbekiston tarixida ilk bor quyi palataga saylov aralash, ya’ni majoritar-proporsional tizim asosida o‘tkazildi. Yangi tartibga ko‘ra, 150 deputatning 75 nafari bir mandatli, qolgan yarmi yagona okrug bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozga mutanosib ravishda muayyan partiya tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxati asosida saylanishi belgilandi.
Uchinchidan, bugun dunyoda kuzatilayotgan tahlikali, voqealar rivojini oldindan aytish qiyin bo‘lgan murakkab sharoitda mamlakatimizda konstitutsion islohotlarning amalga oshirilgani muhim ahamiyatga ega. Bunday sharoitda davlatimizning qat’iy rivojlanish hamda liberal-demokratik qadriyatlarning mustahkamlash borasidagi strategik maqsadi diqqatga sazovor. Zero, yangilangan Konstitutsiyada inson sha’ni, qadr-qiymati, uning xohish-istaklari va manfaatlari alohida belgilab qo‘yilgan.
Shunday qilib, mamlakat saylov tizimidagi o‘zgarishlar xususan, texnologik innovatsiyalar va inklyuzivlik muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu, o‘z navbatida, har bir fuqarodan Konstitutsiya normalariga amal qilish hamda mamlakat taraqqiyoti uchun daxldorlik va mas’uliyat hissining oshishiga xizmat qiladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, yangilangan Konstitutsiyada belgilangan barcha normalar darhaqiqat xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi degan bosh g‘oyani o‘zida aks ettiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i
siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) A.Yusupov