Yangiariqlik dehqonlar kuzgi g‘alla ekishga kirishdi
Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida 2027-yil hosili uchun kuzgi g‘alla ekish mavsumiga start berildi.
Shu munosabat bilan tumanning "Kattabog‘" hududida joylashgan “Yusufboy-Inoyat” fermer xo‘jaligida g‘alla ekish mavsumiga bag‘ishlangan seminar tashkil yetildi.

Seminarda tuman hokimi Zafar Matnazarov, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari hamda nuroniylar ishtirok etdi.
Joriy yilda tumanda 72 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 1700 gektar yer maydoniga kuzgi g‘alla ekish rejalashtirilgan.
Seminar davomida g‘alla ekish ishlarini sifatli va agrotexnik talablar asosida tashkil etish, mo‘l hosil yetishtirish uchun zarur chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Nuroniylar qo‘llarini duoga ochib, yangi mavsumning barakali kelishini, yerlarimizdan mo‘l-ko‘l hosil olinishini tiladilar.
Bundan tashqari, seminarda 2026-yil hosili uchun paxta yig‘im-terimiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, fermer xo‘jaliklarining bo‘sh yer maydonlaridan samarali foydalanish masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.

Shuningdek, tumanda chorvachilik komplekslarini qurish ishlarini jadallashtirish, zamonaviy chorvachilik loyihalarini amalga oshirish, nasldorlikni yaxshilash va sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri