8 oyda taksi agregatorlari orqali 329 million marta yo‘lovchi tashilgan
Transport xizmatlarining eng ommabop turlaridan biri bo‘lgan taksi sohasida raqamlashtirish va soliq ma’muriyatchiligining kuchayishi real iqtisodiy aylanmani aniqroq ko‘rish imkonini bermoqda. 2026-yil yanvar–avgust oylarida taksi agregatorlari orqali 329 million marta yo‘lovchi tashilgan, xizmatlar aylanmasi esa 7,2 trillion so‘mdan oshgan.
Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu davrda 242 ta taksi agregatori soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan. Bu nafaqat sohadagi pul oqimlarini shaffoflashtirish, balki xizmatlar hajmi, haydovchilar daromadi va soliq tushumlarini aniq hisobga olish uchun ham muhim qadam bo‘lmoqda.
Yanvar–avgust oylarida taksi xizmatlarining umumiy aylanmasi 7,2 trillion so‘mdan oshdi. Shundan 4,5 trillion so‘m, ya’ni 63,1 foizi naqd to‘lovlar hisobiga to‘g‘ri kelgan. Qolgan 2,6 trillion so‘m yoki 36,9 foiz esa naqdsiz tarzda amalga oshirilgan. Bu ko‘rsatkich taksi xizmatlarida naqd pul hali ham asosiy to‘lov vositasi bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi. Biroq naqdsiz to‘lovlarning qariyb 37 foizga yetishi sohada raqamli to‘lovlar ulushi ham sezilarli darajada shakllanganidan dalolat beradi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, bir martagi yo‘lov uchun o‘rtacha chek 21 ming 785,5 so‘mni tashkil etgan. Demak, taksi xizmatlarining umumiy aylanmasida xizmatlar sonining juda katta ekani asosiy omillardan biridir. Taksi agregatorlari orqali yo‘lovchi tashish bilan 481,1 ming nafar o‘zini o‘zi band qilgan haydovchi shug‘ullanmoqda. Bu raqam taksi sohasi nafaqat transport xizmatlari bozori, balki aholi bandligini ta’minlovchi muhim segmentga aylanganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, agregatorlar orqali xizmat ko‘rsatayotganlar orasida 4 107 nafar ayol ham bor.
Haydovchilarning daromadlari esa bir xil emas. Yanvar–avgust oylarida 100 million so‘mdan ortiq daromad olganlar 7,9 ming nafardan ziyodni tashkil etgan. 50–100 million so‘m — 31,5 ming nafar, 10–50 million so‘m — 124,4 ming nafar, 5–10 million so‘m — 59,9 ming nafar, 1–5 million so‘m — 123,6 ming nafar, 1 million so‘mgacha daromad olganlar — 133,7 ming nafarni tashkil etadi. Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, haydovchilarning daromadlari o‘rtasida katta tafovut mavjud. Bu holat taksi xizmatidan kimdir asosiy daromad manbai sifatida, boshqalar esa qo‘shimcha ish sifatida foydalanayotganini anglatishi mumkin.
Avtopark tarkibida mahalliy avtomobillar hanuz ustun mavqega ega. Taksi sifatida eng ko‘p foydalanilayotgan avtomobillar orasida Cobalt 27 foizni tashkil etmoqda. Nexia esa 19,3 foiz, Lacetti 16,1 foizni tashkil etmoqda. Ushbu uch modelning o‘zi taksi avtoparkining 62,4 foizini tashkil etadi. Bu esa ehtiyot qismlar mavjudligi, ta’mirlash xarajatlarining nisbatan qulayligi, yoqilg‘i sarfi va bozorda keng tarqalgani kabi omillar haydovchilar tanloviga ta’sir qilayotganini ko‘rsatadi.
Elektromobillarning ulushi esa hozircha 2,5 foizni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich kelgusida elektr transport vositalari uchun infratuzilma, zaryadlash stansiyalari va moliyaviy rag‘batlar kengayishi bilan o‘zgarishi mumkin. Avtomobillarning ishlab chiqarilgan yili bo‘yicha tarkibi ham qiziq manzarani ko‘rsatadi. Taksi avtoparkining 16,3 foizi 1–3 yillik, 37,1 foizi 3–5 yillik, 17,3 foizi 5–10 yillik avtomobillardan iborat. 10 yildan ortiq vaqt foydalanilgan avtomobillar ulushi esa 29,2 foizni tashkil etgan. Demak, har uchinchiga yaqin taksi avtomobili 10 yildan eski. Bu esa sohada transport vositalarini bosqichma-bosqich yangilash, yoqilg‘i tejamkor va ekologik toza avtomobillar ulushini oshirish masalasini dolzarb qilib qo‘yadi.
Taksi xizmatlarining shaffoflashuvi davlat byudjeti uchun ham iqtisodiy samara bermoqda. 2026-yil yanvar–avgust oylarida agregatorlar tomonidan 149,2 milliard so‘m soliq to‘langan. Shundan 46,8 milliard so‘mi qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) hisobiga to‘g‘ri kelgan. Bu ko‘rsatkich taksi bozorida raqamli hisob va soliq organlari bilan integratsiya nafaqat xizmatlar aylanmasini aniqlash, balki byudjet tushumlarini oshirish nuqtai nazaridan ham ahamiyatli ekanini ko‘rsatadi.
Taksi sohasidagi 7,2 trillion so‘mlik aylanma bir haqiqatni ko‘rsatmoqda: agregatorlar orqali faoliyat yuritish oddiy xizmat ko‘rsatishdan tashqari, katta iqtisodiy segmentga aylangan. Sohadagi raqamlashtirishning yana bir muhim jihati shundaki, oldin rasmiy statistikada to‘liq aks etmasligi mumkin bo‘lgan xizmatlar hajmi, haydovchilar daromadi va to‘lovlar tarkibi endi raqamlarda namoyon bo‘lmoqda.
Kelgusida naqdsiz hisob-kitoblar ulushining ortishi, elektromobillardan foydalanish kengayishi va avtoparkning yangilanishi taksi bozorining iqtisodiy samaradorligiga ta’sir qilishi mumkin. Eng muhimi, shaffoflik kuchaygani sari bozorda halol raqobat, soliq intizomi va xizmat sifati uchun ham yangi sharoit paydo bo‘ladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA