Yangi Toshkent investor va aholi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-oktabr kuni Yangi Toshkentga tashrif buyurib, hududda bunyod etilgan inshootlarni ishga tushirish va yangi loyihalarning qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi. Shuningdek, bu yerda yirik loyihalarni amalga oshirayotgan investor va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uch yil avval qurilishi boshlangan Yangi Toshkent mamlakatimiz tarixidagi eng yirik shaharsozlik loyihasidir. Xavfsiz va “yashil” shahar sifatida barpo etilayotgan hududda birinchi bosqichning o‘zida zamonaviy texnologik yechimlarga asoslangan 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Shaharda 2 ming gektar yashil maydon va 500 gektar istirohat bog‘lari tashkil etiladi. “Yashil qurilish standartlari” asosida 150 million kvadrat metr turar va noturar joy maydonlari barpo qilinadi.
O‘tgan davrda Yangi Toshkentda 2 milliard dollarlik ishlar bajarildi. Turar joylar, universitetlar, kutubxona va amfiteatr qurildi. Marosimda umumiy qiymati 1 milliard dollar bo‘lgan yettita ob’ekt ishga tushirildi.
Bular “Sharq bahori” turar joy majmuasining birinchi bosqichi, yo‘l va infratuzilma ob’ektlari, “Yangi Toshkent” 1-son nimstansiyasi, trigeneratsiya stansiyasi, Savdo-sanoat palatasi binosi, “Sohil bog‘i” istirohat bog‘i hamda 2 ming o‘rinli umumta’lim maktabidir.

Turkiyaning “MIMSAN” kompaniyasi ishtirokida 73 million dollar investitsiya hisobiga barpo etilgan trigeneratsiya stansiyasi 100 ming xonadonni markazlashgan tarzda isitish va sovitish, ayni paytda elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Xitoyning “Haocheng Industry Group Limited” kompaniyasi bilan qurilgan nimstansiya va yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari loyihasining qiymati 95 million dollarni tashkil etadi.
Shuningdek, 18 kilometr avtomobil yo‘li barpo etilib, 13 kilometr kanalizatsiya va 4,5 kilometr ichimlik suv tarmoqlari tortildi. Qirg‘oq bo‘ylab 10 kilometrlik “Sohil bog‘i”da piyodalar va velosiped yo‘laklari tashkil qilindi. “Sharq bahori” turar joy majmuasining ilk bosqichida qariyb 7 mingta xonadon qurildi.
Marosimda Xitoy, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa xorijlik hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati 2,5 milliard dollar bo‘lgan yana o‘nta yirik loyiha qurilishiga start berildi.
Ulardan biri yuqori texnologik mahsulotlar va yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Deep Tech park” sanoat hududidir. Uni barpo etishga 320 million dollar yo‘naltiriladi. Kelgusida bu yerda umumiy qiymati 1,7 milliard dollarlik loyihalar joylashtiriladi.
Finlyandiyaning “MariMatic” kompaniyasi ishtirokida chiqindilarni to‘plash va ulardan “yashil” elektr energiyasini olish loyihasi amalga oshiriladi. Shuningdek, ko‘p kvartirali uylar tomiga umumiy quvvati 20 megavatt bo‘lgan fotoelektr tizimlarini o‘rnatish rejalashtirilgan.

Yangi Toshkentni poytaxt bilan bog‘lash uchun Temur Malik ko‘chasi va 4R12 avtomobil yo‘li o‘rtasida ko‘prik, yo‘l o‘tkazgich va 10 kilometr yo‘l quriladi. Metro bekatlari bilan tutashgan yer osti avtoturargohini barpo etish ham yangi loyihalardan biri.
Umumiy maydoni 818 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan “Metropolis” biznes-sitida ofislar, mehmonxona, turar joylar va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari joylashadi. Maydonning 500 ming kvadrat metr qismi biznes uchun mo‘ljallangan. Bu yerda 1,5 ming nafar odamning bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, “Silk City”, “Mavj” va “Marjon” turar joy majmualari hamda 120 o‘rinli Yangi Toshkent markaziy shifoxonasi quriladi.
Davlatimiz rahbari ushbu loyihalar Yangi Toshkentning biznes, turizm va madaniyat markazi sifatida shakllanishiga xizmat qilishini ta’kidlab, shahar bunyodkorligida ishtirok etayotgan quruvchilar, muhandislar, loyihachilar va xorijlik hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.
Keyin Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Yangi Toshkent loyihasi doirasida davlat infratuzilma va muhim ijtimoiy ob’ektlar qurilishiga katta mablag‘ yo‘naltirmoqda. Hozirga qadar yangi shaharga 2 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritildi. Biroq qurilishga xususiy sektorni jalb etish sur’atlari mavjud imkoniyatlarga mos emasligi qayd etildi.
Shahar uchun jami 20 ming gektar yer ajratilgan. Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Hozir ming gektardan ortiq maydonda asosan davlat mablag‘i hisobidan qurilish olib borilayotgan bo‘lsa, tadbirkorlarga 94 gektar yer ajratilgan.
– Yangi Toshkent faqat yangi uy-joy quriladigan hudud emas, – dedi Prezidentimiz.
Yangi shahar biznes, ta’lim, tibbiyot, turizm va xizmat ko‘rsatishni o‘ziga jalb etadigan mustaqil iqtisodiy markazga aylanishi zarur. Shu nuqtai nazardan, investorlarga ajratilgan yerlarning uchdan ikki qismi uy-joy loyihalariga to‘g‘ri kelayotgani, 28 ta lotda esa faol qurilish boshlanmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari bunday holatni investorlarda mablag‘ yoki qiziqish yo‘qligi bilan izohlash to‘g‘ri emasligini aytdi. Eskicha talablar, cho‘ziladigan ruxsat jarayonlari va ayrim idoralarning hamkor o‘rniga nazoratchi sifatida ish tutishi loyihalarga to‘siq bo‘lmoqda. Shu bois, tadbirkorga yer ajratishdan tortib, ob’ektni ishga tushirishgacha bo‘lgan jarayonlarni qayta ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi.

Yil oxirigacha shaharda 20 ming xonadonni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu kamida 70 ming kishi uchun yangi yashash muhitini yaratishni anglatadi. Prezidentimiz uylar bilan bir vaqtda aholiga zarur dam olish, sport, savdo, ta’lim va tibbiyot xizmatlari ham yo‘lga qo‘yilishi kerakligini ta’kidladi.
Shaharda FIFA talablariga javob beradigan 55 ming o‘rinli stadion qurilmoqda. Kelgusi yil 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionati munosabati bilan mehmonxona, ovqatlanish va ko‘ngilochar maskanlarga ehtiyojni hisoblab, tadbirkorlarga aniq investitsiya takliflarini taqdim etish topshirildi.
Yangi shaharda ishbilarmonlik muhitini shakllantirishda davlat idoralarining ko‘chishi ham muhim o‘rin tutadi. Hozir Qurilish, Transport va Energetika vazirliklari bu yerda faoliyat yuritmoqda, boshqa idoralar xodimlari uchun binolar qurilyapti. Qolgan vazirlik va davlat tashkilotlarining ham Yangi Toshkentga ko‘chishini boshlash topshirildi.
Muloqotda shaharning master rejasini amalga oshirishda investorlar tashabbusiga kengroq yo‘l ochish zarurligi qayd etildi. Shahar manfaatiga xizmat qiladigan o‘ziga xos loyihalar uchun lot maydoni yoki ob’ekt turini o‘zgartirish haqidagi takliflar tez va aniq mezonlar asosida ko‘rib chiqilishi kerak. Konsepsiyasi, loyiha hujjatlari va qurilish ruxsati oldindan tayyorlangan maydonlar sonini ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.
Yirik tijorat ob’ektlarini jalb etish uchun ochiq tashabbus va “Swiss challenge” tamoyili asosida yer ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bu jarayonda investor tashabbusi e’lon qilinadi va boshqa ishtirokchilar yaxshiroq shart taklif etmasa, yer dastlabki tashabbuskorga ajratiladi.

Xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy ob’ektlar qurilishini rag‘batlantirish maqsadida infratuzilma to‘lovlari qayta ko‘rib chiqiladi. Bazaviy stavka savdo, servis va biznes markazlari uchun uch barobar, mehmonxona va turizm ob’ektlari uchun besh barobar, madaniyat va ko‘ngilochar maskanlar uchun o‘n barobar kamaytiriladi. Xususiy bog‘cha, maktab va shifoxonalar uchun to‘lov bir foiz etib belgilanadi. Ushbu tartib qurilishi boshlangan loyihalarga ham tatbiq etiladi.
Yangi Toshkentda “yashil bino” standartlarini qo‘llash bilan bog‘liq xarajatlarni yengillashtirish choralari ham belgilandi. Qiymati 50 million dollardan yuqori bo‘lgan noturar joy loyihalari uchun “yashil” sertifikat olish xarajatlari davlat tomonidan to‘liq qoplanadi. Investor sotib olgan har bir yer maydonining 30 foizini ko‘kalamzorlashtirish talabi bu yerda qo‘llanmaydi: shahar hududining 30 foizini yashil maydonga aylantirish bosh reja asosida davlat tomonidan ta’minlanadi.
Qiymati 50 million dollardan yuqori bo‘lgan har bir loyihaga mas’ul biriktirilib, u ob’ekt ishga tushguniga qadar investorga hamrohlik qiladi. Bunday loyihalar bo‘yicha alohida investitsiya bitimi tuzilib, unda tomonlarning majburiyatlari va loyihaning xususiyatlariga mos shartlar belgilanadi.
Yangi imkoniyatlardan butun mamlakat tadbirkorlari foydalanishi uchun poytaxtning har bir tumaniga va respublikaning qolgan 13 ta hududiga Yangi Toshkentdan 100 gektardan maydon biriktiriladi. Ushbu yerlar bo‘yicha dastlabki auksionda tegishli hudud tadbirkorlari ishtirok etadi.
Xorijlik investorlar uchun esa dastlabki 50 ta lot belgilandi. Ularning joylashuvi, iqtisodiy hisob-kitoblari va yaratilgan imkoniyatlar aks etgan takliflar paketi diplomatik vakolatxonalar orqali yetkaziladi. Vazirlarga ham yirik xorijiy kompaniyalar bilan uchrashuvlarda Yangi Toshkent loyihalarini taqdimot qilib borish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, Samarqand shahridagi “Shirin” massivi qurilishi ko‘rib chiqildi. Bu yerda ishlar sust borayotgani tanqid qilinib, Yangi Toshkent uchun belgilangan imtiyoz va imkoniyatlar ushbu massivga ham tatbiq etilishi belgilandi.
Prezidentimiz investorlarni mahalliy va xorijlikka ajratishga munosabat bildirar ekan, “Kapitalning, ilg‘or g‘oyaning va halol mehnatning millati yo‘q!” deb ta’kidladi. Shu ma’noda, Yangi Toshkent va “Shirin” massivi qurilishida ishtirok etayotgan har bir tadbirkor yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgani qayd etildi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari investorlar bilan muloqot qildi, ularning taklif va tashabbuslarini tingladi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbirlari