Yangi O‘zbekistonda huquqiy taraqqiyotning yangi bosqichi boshlandi
O‘zbekiston milliy huquq tizimida keyingi o‘n yillikda qanday o‘zgarishlar yuz berdi?
O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Akbar Tashkulov bilan shu haqda suhbatlashdi.
– Mamlakatimiz davlat mustaqilligiga 35 yil bo‘ldi. Bu tarix uchun juda katta davr emas. Ammo shu qisqa vaqt ichida O‘zbekiston o‘z davlatchiligini mustahkamladi, milliy huquq tizimini shakllantirdi.
Keyingi o‘n yillikda amalga oshirilgan islohotlarning eng muhim xususiyati shundaki, huquqiy davlat g‘oyasi nazariy tamoyildan kundalik davlat boshqaruvi mezoniga aylandi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida yurtimiz va jamiyatimiz qiyofasi tubdan o‘zgardi.
– Huquqiy taraqqiyotning yangi bosqichida asosiy e’tibor nimalarga qaratildi?
– Mustaqillikning dastlabki yillarida milliy davlatchilikning huquqiy poydevorini yaratish, Konstitutsiya va milliy qonunchilik tizimini shakllantirish tarixiy vazifa edi. So‘nggi o‘n yillikda esa Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida huquqiy taraqqiyotning yangi bosqichi boshlandi.
Endi asosiy masala faqat qonun qabul qilish emas, balki qonunning insonga xizmat qilishi, uning huquq va manfaatlarini amalda himoya qilishi, davlat organlari faoliyatining esa qonun bilan aniq chegaralanishiga qaratildi. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil davlat boshqaruvi falsafasini o‘zgartirdi.
– Qonun ustuvorligini nima uchun umumiy qadriyat deb ataymiz?
– Qonun ustuvorligi yangi mazmun kasb etdi: fuqaro davlat uchun emas, davlat va uning huquqiy mexanizmlari inson uchun xizmat qilishi lozim. Har qanday davlatning kuch-qudrati uning qonunlari nechog‘lik mukammal ekani bilangina emas, balki qonunga barcha – fuqaro ham, mansabdor ham, davlat organi ham birdek amal qilishi bilan belgilanadi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi. Zero, qonun ustuvorligi – shunchaki huquqiy tushuncha emas. U jamiyatda adolatni ta’minlaydigan, inson huquq va erkinliklarini kafolatlaydigan, davlat va fuqaro o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlaydigan, taraqqiyot uchun barqaror zamin yaratadigan umumiy qadriyatdir.
– Yangilangan Konstitutsiyada O‘zbekistonning huquqiy davlat maqomi mustahkamlanishi qanday ahamiyatga ega?
– Yangilangan Bosh Qomusimizning eng muhim qoidalaridan biri, shubhasiz, O‘zbekiston Respublikasining huquqiy davlat sifatidagi konstitutsiyaviy maqomi mustahkamlanganidir. 2017-yildan boshlangan islohotlarda qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilandi. 2023-yilda esa bu siyosiy-huquqiy evolyutsiya o‘zining mantiqiy davomini topdi: yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekistonning huquqiy davlat ekani to‘g‘ridan-to‘g‘ri mustahkamlandi.
Huquqiy davlat konsepsiyasi faqat qonun ustuvorligini ta’minlash bilan cheklanmaydi. Qonunning o‘zi ham adolatli bo‘lishi, mutanosiblik va inson huquqlarini hurmat qilish tamoyillariga asoslanishi lozim.
– Adolat tamoyili tadbirkorlik sohasida qanday amaliy ifodasini topmoqda?
– Aynan shu maqsadda Adliya vazirligi tomonidan turli sohalarda belgilangan majburiy talablar adolat nuqtai nazaridan to‘liq qayta ko‘rib chiqilmoqda. Bu yo‘nalishda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarning yagona elektron reyestri shakllantirildi.
Elektron reyestr tadbirkorlik faoliyati uchun “Biznes-navigator” bo‘lib xizmat qiladi. U tadbirkorlar faoliyatini tekshirishda qonuniylikni ta’minlaydi hamda asossiz javobgarlik choralari qo‘llanilishining oldini oladi.
Reyestr ayni sohada “Biznes-kalkulyator” vazifasini bajaradi: tadbirkorlarga nisbatan byudjet xarajatlarini, ma’muriy yukni va byurokratiyani baholashga imkon yaratadi. Muhimi, qonunchilik hujjatlaridagi ziddiyatli, eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan qoidalarni tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf qilish imkonini beradi.
– Ushbu reyestr orqali qanday natijalarga erishildi? Bu o‘zgarishlar tadbirkorlar uchun nimani anglatadi?
– Reyestrga 42 mingdan ortiq talab kiritildi. Nomaqbul deb topilgan 2,5 mingdan ortiq ortiqcha majburiy talabni qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Ularning 1,6 mingdan ortig‘i Hukumat qarorlari bilan bekor qilindi.
Bir qarashda, bular qonunchilik texnikasiga oid raqamlardek ko‘rinishi mumkin. Aslida esa ular Prezidentimiz ilgari surgan davlatning iqtisodiyotga ortiqcha aralashuvini qisqartirish, tadbirkorga erkin ishlash uchun sharoit yaratish va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish siyosatining huquqiy ifodasidir.
Har bir bekor qilingan asossiz talab ortida tadbirkorning tejalgan vaqti va mablag‘i, davlat organi bilan kamaygan ortiqcha muloqoti bor.
– Qonunlar sifatini ta’minlash va ularning ta’sirini baholashda qanday yondashuvlar qo‘llanilmoqda?
– Huquqiy davlat faqat qonunlar soni bilan emas, balki ularning sifati va asoslanganligi bilan ham baholanadi. Shu nuqtai nazardan, dalillarga asoslangan norma ijodkorligi va “Qonunlarning tartibga solish ta’sirini baholash” (TSTB) institutining joriy etilishi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu yondashuv har bir yangi majburiyat yoki cheklovning jamiyat uchun zarurati va undan kutilayotgan natija o‘rtasidagi mutanosiblikni ta’minlaydi.
Xususan, 2021 - 2025-yillarda tartibga solish ta’sirini baholash orqali qariyb 10 trillion so‘mlik ortiqcha xarajatlarning oldi olindi. Faqatgina joriy yilning birinchi yarim yilligida esa qariyb 1,0 trillion so‘mlik ortiqcha xarajatlarning oldi olindi.
– Qonunchilik hujjatlarining amaliy natijadorligi qanday baholanmoqda?
– Hujjatlarning haqiqiy amaliy natijadorligini ta’minlash maqsadida qonunlar uchun KPI tizimi joriy etildi. Xususan, 2025-yilda yuzga yaqin qonunchilik hujjatining samaradorligi baholanib, natijalari Prezident Administratsiyasi, parlament va Hukumatga kiritildi. Ayni paytda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi tahrirda tubdan qayta ishlab chiqilmoqda.
– Zamonaviy huquqiy davlatni barpo etishda raqamli texnologiyalarning o‘rni qanday?
– Zamonaviy huquqiy davlatni barpo etish norma ijodkorligi jarayonlarini ham yangi bosqichga olib chiqishni talab etadi. Bugun bu boradagi eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri – sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalanishdir.
– “Law as Code” yondashuvi qonunchilikda qanday imkoniyatlar yaratadi?
– Dunyoda keng qo‘llanilayotgan “Law as Code” (“Qonun – kod sifatida”) yondashuvi asosida milliy qonunchilikning yangi bazasini shakllantirish imkoniyatlari o‘rganilmoqda. Bu huquqiy normalarni qo‘llashda sub’ektiv talqinlarni kamaytirib, qoidalarning aniq va izchil ishlashini ta’minlaydi.
– Sun’iy intellekt qonunchilik hujjatlari loyihalarining ta’sirini baholashga qanday yordam beradi?
– Qonunchilik hujjatlari loyihalarining tartibga solish ta’sirini baholash jarayonlariga ham sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda. Bunda davlat organlarining ma’lumotlar bazalarini integratsiya qilish, huquqni qo‘llash amaliyoti, sud qarorlari, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlari hamda boshqa ma’lumotlarni tahlil qilish orqali loyihalarning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik ta’sirini avtomatlashtirgan holda oldindan baholash imkoniyati yaratiladi.
– Ushbu tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish va huquqiy soha uchun innovatsion yechimlar yaratish borasida yana qanday ishlar rejalashtirilmoqda?
– Shu maqsadda vazirlik tomonidan “Huquqiy innovatsiyalar laboratoriyasi”ni tashkil etish ishlari rejalashtirilmoqda. Laboratoriya doirasida IT-kompaniyalar, startap jamoalari va huquqshunoslar o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilmoqda. Ularning innovatsion g‘oyalarini huquqiy texnologiyalar sohasida amaliy yechimlarga aylantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish rejalashtirilmoqda.
– Qonun ustuvorligini ta’minlashda huquqiy tarbiya va madaniyat qanday o‘rin tutadi?
– Qonun ustuvorligi faqatgina kuchli normativ baza, jarimalar yoki raqamli tizimlar bilangina ta’minlanmaydi. Har qanday huquqiy mexanizmning samaradorligi, eng avvalo, jamiyatda shakllangan huquqiy madaniyat va tarbiya dasturlariga bevosita bog‘liq.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish demokratik taraqqiyotning eng muhim shartidir. Agar fuqaro qonunni faqat majburiyat yoki taqiq sifatida emas, balki o‘z huquqlarini kafolatlaydigan ishonchli qalqon sifatida anglasagina, chinakam huquqiy jamiyat barpo etiladi.
– Huquqiy tarbiyaga yondashuvlar qanday o‘zgarmoqda? Bu borada yoshlar bilan ishlashning ahamiyati nimada?
– Keyingi yillarda huquqiy tarbiya yondashuvlari ham tubdan o‘zgardi. An’anaviy yondashuvlardan voz kechib, qonunlarni hayotiy misollar, zamonaviy media mahsulotlar va amaliy ko‘nikmalar orqali o‘rgatish tizimiga o‘tilmoqda.
Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, maktab va oliy ta’lim dargohlaridan boshlab qonunga hurmat tuyg‘usini singdirish – eng strategik vazifalarimizdan biridir.
Zero, huquqiy tarbiya – ertangi kunda huquqbuzarliklarning oldini oluvchi eng qudratli profilaktika vositasidir. Qonunni hurmat qilish har bir fuqaroning kundalik odatiga aylanmas ekan, ko‘zlangan oliy maqsadlarga to‘laqonli erishib bo‘lmaydi.
– Huquqiy xizmatlar sohasidagi o‘zgarishlar fuqarolarning kundalik hayotida qanday namoyon bo‘lmoqda?
– Bu o‘zgarishlar fuqarolarning kundalik hayotida yaqqol sezilmoqda. Masalan, 2026-yilning birinchi yarmida 460 mingdan ortiq notarial harakat masofadan turib, ya’ni onlayn rasmiylashtirildi. Davlat xizmatlarining esa 90 foizdan ortig‘i elektron shaklga o‘tkazildi.
Bu raqamlar ortida davlat va fuqaro munosabatlarining butunlay yangi modeli turibdi. O‘n yil avval fuqaro bir ma’lumotnoma uchun idorama-idora yurgan bo‘lsa, bugun davlatning o‘zida mavjud ma’lumotni fuqarodan yana talab qilmaslik prinsipi qaror topmoqda.
Ilgari inson davlat xizmatini izlab borgan bo‘lsa, endi navbatdagi maqsad – davlat xizmatining insonning o‘zini “topishi”. Proaktiv xizmatlar g‘oyasining mohiyati ham shunda.
Prezidentimiz ilgari surgan “davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyilning eng aniq amaliy ifodalaridan biri aynan mana shu transformatsiyadir.
– Proaktiv va avtomatik davlat xizmatlariga o‘tishdan ko‘zlangan maqsad nima?
– Endilikda biz faqat “elektron davlat xizmati” bilan cheklanib qolmasdan, inson ishtirokini minimallashtiradigan proaktiv va avtomatik xizmatlar tizimiga o‘tishni maqsad qilganmiz. Ya’ni davlat fuqaroning murojaat qilishini kutib o‘tirmasdan, unga qonun bo‘yicha tegishli xizmatni o‘zi taklif etishi kerak.
– Yuridik yordamdan foydalanish va buzilgan huquqlarni tiklash imkoniyatlari qanday kengaytirilmoqda?
– Advokatura institutining rolini kuchaytirish, yuridik yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish mexanizmlari takomillashtirildi. Bunda asosiy mezon – inson o‘z huquqi buzilganda uni tez, adolatli va ortiqcha xarajatsiz tiklay olishidir.
Shuning uchun kelgusi bosqichda nizolarni sudgacha hal etish, mediatsiya va boshqa muqobil mexanizmlarni kengaytirish, professional yuridik yordam sifatini oshirish hamda raqamli texnologiyalar orqali odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish muhim vazifa bo‘lib qoladi.
– Adliya vazirligi oldida qanday ustuvor vazifalar turibdi?
– Prezidentimiz rahbarligida o‘tgan yillarda yaratilgan huquqiy poydevor endi bizdan islohotlarning sifat jihatidan yangi bosqichiga o‘tishni talab qilmoqda. Bunda asosiy maqsad –yangi qonunlar sonini ko‘paytirish emas, qonunning inson hayotidagi real samarasini oshirishdir.
Bugun dunyo juda tez o‘zgarmoqda. Sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot, transchegaraviy munosabatlar huquq tizimi oldiga mutlaqo yangi savollarni qo‘ymoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston huquqiy taraqqiyotining kelgusi bosqichida Adliya vazirligi oldida beshta ustuvor vazifani ko‘ramiz. Birinchi – inson huquqlarini himoya qilishning amaliy mexanizmlarini yanada kuchaytirish. Ikkinchi – qonunchilikni ixcham, tushunarli va barqaror qilish, har bir yangi tartibga solishning fuqaro va biznesga ta’sirini oldindan hamda keyinchalik baholash. Uchinchi – malakali yuridik yordam olish imkoniyatlarini kengaytirish, nizolarni sudgacha hal etish jarayonlarini soddalashtirish va raqamlashtirish. To‘rtinchi – davlat xizmatlarini inson ehtiyojlari asosida qayta qurish, ularni proaktiv va imkon qadar avtomatik shaklga o‘tkazish. Beshinchi – sun’iy intellekt va LegalTech imkoniyatlaridan foydalangan holda yangi avlod huquqiy ekotizimini shakllantirish.
Maqsadimiz – qonun inson uchun murakkab to‘siq emas, balki uning huquq va manfaatlarini himoya qiladigan ishonchli vosita bo‘ladigan huquqiy tizimni barpo etishdan iborat. Zero, davlatning kuchi faqat mustahkam qonunlarda emas, insonning shu qonun uni himoya qilishiga bo‘lgan ishonchida namoyon bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida keyingi o‘n yilda amalga oshirilgan islohotlar qonun ustuvorligini davlat boshqaruvining prinsipidan insonning kundalik hayotida his qiladigan qadriyatga aylantirdi.
O‘zA muxbiri Norgul Abduraimova suhbatlashdi.