Yangi Toshkent aeroporti zamonaviy O‘zbekistonning ramzlaridan biriga aylanadi
“Yangi Toshkent xalqaro aeroportini qurish” loyihasi doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar va subpudrat tashkilotlarini jalb etishga bag‘ishlangan “Road Show” tadbiri o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi hamda “Larsen & Toubro” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 120 dan ortiq mahalliy korxona vakillari ishtirok etdi.
Ularga yangi aeroport loyihasining texnik xususiyatlari, qurilish hajmi, xarid qilinadigan mahsulot va xizmatlar, shuningdek, pudrat ishlariga qo‘yiladigan talablar haqida ma’lumot berildi.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov mamlakatda transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilayotgani, bunda mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi.
Xususan, 2030-yilga qadar sohaga 9 milliard dollardan ziyod investitsiya jalb qilish va transport xizmatlari hajmini ikki barobar oshirish maqsad qilingan.
– Yangi Toshkent xalqaro aeroporti strategik ahamiyatga ega loyiha, – dedi Ilhom Mahkamov. – Uning amalga oshirilishi mamlakatimiz xalqaro transport va logistika salohiyatini oshirish, mintaqaviy aviatsiya xabini shakllantirish va O‘zbekistonning jahon aviatsiya tizimidagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, loyihada mahalliy ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar va subpudratchilar ishtirokini kengaytirishga alohida e’tibor qaratyapmiz.
Yangi aeroport davlat-xususiy sheriklik asosida Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlaridagi 1 ming 310 gektar maydonda barpo etiladi. Loyiha “Vision International Investment” boshchiligidagi xalqaro konsorsium bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda qurilish ishlariga 2,7 milliard dollar investitsiya yo‘naltirish rejalashtirilgan. Aeroport bosqichma-bosqich rivojlantirilib, yo‘lovchi terminali maydoni dastlab 208 ming, keyinchalik 400 ming kvadrat metrga yetkaziladi. Yillik yo‘lovchi o‘tkazish quvvati esa 20 milliondan 46 million nafargacha oshiriladi.
Loyiha doirasida yuk terminali, havo harakatini boshqarish minorasi, samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish angarlari, zamonaviy navigatsiya va meteorologiya tizimlari ham barpo etiladi.
Yakuniy bosqichda aeroportda 204 ta ro‘yxatdan o‘tkazish ustuni, soatiga 68 ta uchish-qo‘nish operatsiyasini amalga oshirish imkoniyati, 169 ta havo kemasi uchun turargoh va 45 ta teleskopik trap bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
“Road Show”da mahalliy korxonalarning ishlab chiqarish quvvati va texnik imkoniyatlari o‘rganilib, ularning takliflari muhokama qilindi. Loyihada ishtirok etadigan pudrat tashkilotlari ochiq va raqobatli tender asosida tanlanadi. Bunda ularning tajribasi, malakasi, texnik imkoniyatlari va belgilangan talablarga muvofiqligi inobatga olinadi.
“Larsen & Toubro” kompaniyasi raisi maslahatchisi, binolar infratuzilmasi bo‘yicha direktori V.D. Satish O‘zbekistonda mahalliylashtirish va kadrlar tayyorlash kompaniya faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya mamlakatda energetika, raqamli infratuzilma va boshqa yirik loyihalarda ishtirok etmoqda.
– Biz uchun nafaqat infratuzilma yaratish, balki mahalliy imkoniyatlarni kengaytirish ham muhim, – dedi V. Satish. – Shu bois O‘zbekistonda 160 dan ortiq mahalliy mutaxassisni ishga jalb etyapmiz. Nurobodda maxsus o‘quv markazi tashkil etilib, 100 dan ziyod mahalliy yetkazib beruvchi va subpudratchi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Maqsadimiz – yangi aeroportni zamonaviy O‘zbekistonning ramzlaridan biriga aylantirish.
Tadbir davomida mahalliy korxonalarga xalqaro pudratchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, o‘z ishlab chiqarish imkoniyatlari va takliflarini taqdim etish imkoniyati yaratildi.
[gallery-31760]
Dilshod HAKIMOV,
Asliddin ALIJONOV (surat),
O‘zA