Millat ona tili bilan tirik
1989-yilning 21-oktabr kuni Vatanimizda davlat tilining huquqiy asoslarini belgilash bo‘yicha “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, unga ko‘ra O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berildi.
Shuningdek, 2020-yilning 10-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun imzolandi. Qonunga asosan, 21-oktabr “O‘zbek tili bayrami kuni” etib belgilangan.

Ushbu sana munosabati bilan prokuratura organlari xodimlari o‘rtasida an’anaviy respublika tanlovi o‘tkazib kelinmoqda. Joriy yilgi tanlov “Millat ona tili bilan tirikdir!” shiori ostida tashkil etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasida tanlovning hududiy bosqichi doirasida “Tizimli-tahliliy ish”, “Savodxonlik” va “She’riyat” yo‘nalishlari bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazildi. Ishtirokchilar har bir yo‘nalish bo‘yicha o‘z bilim va salohiyatini namoyon etib, tahliliy fikrlash, savodxonlik va ijodiy yondashuvlarini namoyish etdilar. Hay’at a’zolari tomonidan ishtirokchilar belgilangan baholash mezonlari asosida xolisona ko‘rib chiqildi.

Tanlov yakuniga bag‘ishlangan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori Sh.Aminov so‘zga chiqib, davlat tilini asrab-avaylash va uning nufuzini yuksaltirish har bir xodimning muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.
G‘olib va sovrindorlar maxsus diplom, pul mukofoti hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri