Yangi Shofirkon — Yangi O‘zbekistonning amaliy timsoli
Mustaqillik – bu faqat bayram emas. U har bir mahalla, har bir ko‘cha, har bir xonadonda kechayotgan o‘zgarishlar, odamlar hayotidagi ijobiy yangilanishlar, yurtga bo‘lgan mehr va ishonchning amaliy ifodasidir. Bugun mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida kechayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari ham ana shu yuksak g‘oyaning yorqin namunasiga aylanmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimizda hududlarni kompleks rivojlantirish, chekka qishloq va mahallalarni zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlash, aholiga munosib turmush sharoitini yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Ayniqsa, 2025-yil 8-oktabrda qabul qilingan “Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi hamda 2026-yil 5-fevraldagi hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirishga qaratilgan qarorlar Shofirkon kabi tumanlarda mutlaqo yangi taraqqiyot bosqichini boshlab berdi.
Bugun Shofirkonda kechayotgan har bir qurilish, har bir asfaltlangan yo‘l, har bir rekonstruksiya qilingan ijtimoiy ob’ekt ana shu ezgu siyosatning amaliy samarasidir.
“Xalqning farovonligini bilmoqchi bo‘lsang, uning bozoriga nazar sol” degan xalqona hikmat bejiz aytilmagan.
Ayni paytda Shofirkon markaziy dehqon va buyum bozorlari atrofida amalga oshirilayotgan ishlar tumanning iqtisodiy hayotini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bozorlar oldidan o‘tgan ko‘chalar to‘liq asfaltlashtirilmoqda, harakat xavfsizligi uchun zamonaviy talablarga javob beradigan infratuzilma barpo etilmoqda.

To‘rt tasmali avtomobil yo‘li, o‘rtasida ajratuvchi to‘siqlar, ikki tomonda keng piyodalar yo‘laklari, zamonaviy avtoturargoh hamda yangi savdo rastalari nafaqat tadbirkorlarga, balki minglab xaridorlarga ham qulaylik yaratadi.
Loyihaga jami 2,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lib, bozor hududi butunlay zamonaviy qiyofa kasb etmoqda.
— Davlatimiz rahbarining xalq manfaatini ustuvor qo‘ygan siyosati asosida yo‘l infratuzilmasini tubdan yangilash ishlari keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda. Korxonamizga avtomobil yo‘llarini ta’mirlash uchun 4 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bu yil tumanda 70 kilometr yo‘l asfaltlashtiriladi. Bozor hududidagi yo‘l esa tumanning eng namunali yo‘llaridan biriga aylanadi. Eng muhimi, bu ishlar odamlar xavfsizligi, tadbirkorlik rivoji va aholi turmush sifatini oshirishga xizmat qiladi. Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ushbu inshootlarni xalqimizga munosib tuhfa sifatida topshirishni o‘z oldimizga maqsad qilganmiz, — deydi Shofirkon tumani Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi bosh muhandisi Sattor Sultonov.

Tuman markazidagi Qalmaqon mahallasida ham haqiqiy yangilanish davri boshlangan.
1970-yillarda qurilgan ko‘p qavatli uylar bugun butunlay yangi qiyofa kasb etmoqda. Fasadlar ta’mirlanyapti, zamonaviy vorkaut maydonchalari, bolalar o‘yingohlari barpo etilmoqda. Bu yerda nuroniylar maskani, kutubxona, dam olish maskanlari tashkil etilishi mahalla ahlining ko‘p yillik orzularini ro‘yobga chiqarmoqda.
Mahalla raisi Zulfiya Ashurova bugungi o‘zgarishlar haqida shunday dedi:
— Ilgari mahallamizda bunday keng ko‘lamli qurilish ishlarini tasavvur qilish qiyin edi. Prezidentimiz rahnamoligida mahallalarga qaratilayotgan g‘amxo‘rlik tufayli bugun har bir xonadon bu o‘zgarishlarni o‘z hayotida his qilmoqda. Yangi kutubxona, nuroniylar maskani, ko‘p qavatli uylarning ta’miri, bolalar maydonchalari — bularning barchasi inson qadrini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, odamlarda ertangi kunga ishonch kuchaydi.

Mehnat faxriysi Matluba Hakimovaning samimiy fikrlari bugungi o‘zgarishlarning haqiqiy bahosidir: — Men shu mahallada o‘nlab yillardan beri yashayman. Ilgari farzandlarimiz sport bilan shug‘ullanish uchun ancha uzoqqa borishardi. Bugun esa o‘z mahallamizda zamonaviy stadion, bolalar maydonchasi, dam olish joylari barpo etilmoqda. Bu o‘zgarishlarni ko‘rib, qalbimizda cheksiz shukronalik tuyg‘usi uyg‘onadi. Prezidentimiz har bir mahallaga, har bir inson taqdiriga e’tibor qaratayotganini biz o‘z hayotimizda his etyapmiz. Bugungi farovonlik — tinchlik va dono davlat siyosati samarasidir.
Shofirkonda ta’lim tizimi ham tubdan yangilanmoqda. “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasini yaxshilash uchun 164 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Shundan 57 milliard so‘mi 6 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 9 ta umumta’lim maktabini qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlariga yo‘naltirildi. Qo‘shimcha manbalar hisobidan yana 170 milliard so‘m mablag‘ jalb qilinib, o‘ndan ortiq ta’lim muassasasida qurilish ishlari jadal olib borilmoqda.
Shulardan biri — 25-umumta’lim maktabidir. Maktab direktori Umida Yusupova bizga quyidagilarni gapirib berdi:
— Maktabimiz 1991-yilda qurilgan bo‘lib, uzoq yillar kapital ta’mir ko‘rmagan edi. Bugun Prezidentimiz tashabbusi bilan bu yerda keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Yangi sinfxonalar, zamonaviy jihozlar, qulay o‘quv muhiti farzandlarimizga munosib sharoit yaratadi. Bu e’tibor nafaqat pedagoglarni, balki butun ota-onalar jamoatchiligini ruhlantirmoqda. Biz endi yanada yuqori natijalarni qo‘lga kiritish uchun mas’uliyatimizni chuqur his qilmoqdamiz.
Shofirkon tumanida mahallalarning ixtisoslashuvi va iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” manzilli dasturi ishlab chiqildi.
Ushbu dastur doirasida qurilish, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish uchun 100 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Yangi Shofirkondagi 19 ta mahallada 24 kilometr ichki yo‘llar asfaltlashtirilmoqda. Piyodalar yo‘laklari qurilmoqda, qariyb 5 kilometr ariqlar betonlashtirilmoqda, markaziy ko‘chalar zamonaviy yoritish tizimi bilan jihozlanmoqda. Shuningdek, “Bobur” va “Zarchabek” kollektorlari bo‘yida sohilbo‘yi saylgohi barpo etilib, u aholi uchun yangi dam olish maskaniga aylanadi. Bu ishlar nafaqat infratuzilmani yaxshilaydi, balki shaharsozlik madaniyatini yuksaltirib, hududning investitsiyaviy jozibadorligini ham oshiradi.
Bugun Shofirkonda kechayotgan o‘zgarishlar bir tuman hayotidagi oddiy qurilish ishlari emas. Bu — inson qadrini ulug‘lash, aholi turmushini yaxshilash va mamlakatning har bir chekka hududiga birdek e’tibor qaratilayotganining amaliy isbotidir. Eng muhimi, bugun shofirkonliklar Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan oqilona va xalqparvar siyosatning samarasini har kuni o‘z hayotida his etmoqda. Yangi yo‘llar, zamonaviy maktablar, obod mahallalar, qulay bozorlar va yorug‘ ko‘chalar — bularning barchasi inson manfaatini eng oliy qadriyat sifatida belgilagan davlat siyosatining amaliy natijasidir.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Shofirkonda amalga oshirilayotgan ana shunday ulkan bunyodkorlik ishlari yurt taraqqiyotining yangi sahifasini ochmoqda. Bugungi Shofirkon — Yangi O‘zbekistonning kuchli siyosati, xalq va davlatning bir maqsad yo‘lidagi hamjihatligi hamda ertangi kunga bo‘lgan yuksak ishonchining yorqin timsolidir. Bu ezgu ishlar nafaqat bugungi avlod, balki kelajak avlodlar uchun ham munosib meros bo‘lib qolishi shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri