Yangi sayilgoh: “Anhor” bo‘yida 24 soat hayot qaynayotgan gastronomik ko‘cha
So‘nggi yillarda Qarshi shahrida aholi uchun zamonaviy va qulay shahar muhitini shakllantirishga qaratilgan bunyodkorlik ishlari izchil davom etmoqda. Endi shahar markazidagi “Anhor” kanali bo‘yida tashkil etilgan zamonaviy gastronomik ko‘cha nafaqat ovqatlanish va savdo xizmatlari, balki dam olish, sayr qilish hamda oilaviy hordiq chiqarish uchun ham yangi manzilga aylandi.
Roguzar mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi “Anhor” kanali bo‘yida amalga oshirilgan loyiha doirasida “Islom Karimov” va “Jayxun” ko‘chalarini bog‘lovchi 700 metrlik hudud tunu kun, ya’ni 24 soat faoliyat yuritadigan gastronomik ko‘cha sifatida barpo etildi.
Ko‘chaning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi M.Azimov va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Loyihani amalga oshirish uchun byudjet mablag‘lari hisobidan 6 milliard so‘m, tadbirkorlar tomonidan esa 8 milliard so‘m sarmoya yo‘naltirildi. Bu esa davlat va xususiy sektor hamkorligi asosida shahar infratuzilmasini rivojlantirishning yana bir amaliy namunasi bo‘ldi.
Avvalo, hududning transport va muhandislik infratuzilmasi tubdan yangilandi. Kanalning har ikki qirg‘og‘idagi ko‘chalar obodonlashtirilib, 700 metr avtomobil yo‘li kengaytirildi. Shuningdek, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1,4 kilometr uzunlikda salomatlik yo‘lakchasi barpo etildi. Kechki paytlarda hududning yanada fayzli ko‘rinish olishi uchun quyosh quvvatida ishlaydigan 81 ta zamonaviy ko‘cha chirog‘i o‘rnatildi.
E’tiborlisi, kanal bo‘yi endi nafaqat savdo va xizmat ko‘rsatish, balki madaniy hordiq chiqarish maskaniga ham aylandi. Bu yerda uchta damba, yangi ko‘prik, uchta charxpalak, to‘rtta favvora, bolalar o‘yingohi, dam olish ayvonlari va o‘rindiqlar barpo etildi. Kanal sohiliga o‘rnatilgan 60 ta dekorativ haykalcha va zamonaviy yoritish tizimi hududning estetik jozibasini yanada oshirdi.
– Ilgari bu yerdan odamlar faqat o‘tib ketardi. Anhor qarovsiz yotardi. Endi esa kechqurun oilamiz bilan sayr qilishda eng sevimli joyimizga aylandi. Bolalar, kattalar uchun ham barcha sharoit yaratilgan. Mahallamiz kun sayin chiroy ochayotganini ko‘rib xursand bo‘lamiz, – deydi Mohigul Davronova.
Loyihada tadbirkorlikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Natijada 25 ta yangi savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ekti ishga tushirildi. Mavjud 15 ta tadbirkorlik sub’ektining faoliyati kengaytirilib, binolarning tashqi fasadlari zamonaviy arxitektura talablari asosida yangilandi.
– Yangi gastronomik ko‘cha ochilgach, mijozlar soni bir necha barobar oshdi. Eng muhimi, bu yerda tadbirkorlik qilish uchun barcha infratuzilma yaratilgan. Bu esa yangi ish o‘rinlari va qo‘shimcha daromad manbai demakdir, – deydi mazkur hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkor Bekzod Azimov.
Hududning ekologik muhitini yaxshilash ham e’tibordan chetda qolmadi. Kanal bo‘yida keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib, sug‘orish tarmoqlari tortildi, manzarali daraxtlar va dekorativ buta ko‘chatlari ekilib, hududning tabiiy hamda estetik qiyofasi yanada boyitildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Roguzar mahallasi Qarshi shahrining yirik aholi yashash maskanlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda 17 ta ko‘cha, 1 ming 522 ta xonadon mavjud bo‘lib, qariyb 5 ming 900 nafar aholi istiqomat qiladi. Shu jihatdan mazkur loyiha minglab fuqarolarning kundalik hayoti va dam olish madaniyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan ahamiyatlidir.
Ta’kidlanganidek, “Anhor” bo‘yida tashkil etilgan zamonaviy gastronomik ko‘cha shaharning turizm salohiyatini oshirish, xizmat ko‘rsatish sohasini yanada rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi uchun zamonaviy dam olish muhitini shakllantirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, bunday loyihalar Qarshi shahrining zamonaviy qiyofasini yanada boyitib, uning jozibadorligini oshirishda muhim o‘rin tutmoqda.
[gallery-30199]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari