Qalblarga ekran orqali kirib kelgan Kumushbibi
O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasi rahbari Usmon Eratov boshchiligidagi uyushma jamoasi O‘zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova xonadoniga tashrif buyurib, ulug‘ san’atkorni tavallud ayyomi munosabati bilan muborakbod etdi.
Uchrashuv davomida ustoz san’atkorning milliy teatr va kino san’atini rivojlantirish, o‘zbek madaniyatini yuksaltirish yo‘lidagi ko‘p yillik fidokorona mehnati, betakror ijodiy merosi hamda yosh avlod tarbiyasidagi beqiyos xizmatlari alohida e’tirof etildi.
Teatr arboblari uyushmasi tomonidan Gulchehra Jamilovaga ezgu tilaklar bildirilib, esdalik sovg‘alari topshirildi. Samimiy suhbat va iliq xotiralarga boy kechgan uchrashuvda ustoz san’atkorning hayot yo‘li, sahna faoliyati hamda o‘zbek teatr san’atining buguni va istiqbollari haqida fikr almashildi.
O‘zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova o‘zbek ayoliga xos sharqona nazokat, samimiyat va ichki ruhiy go‘zallikni sahna hamda kinoda juda tabiiy mujassam eta olgan san’atkordir. Uning obrazlari milliy qadriyatlar va ayol qalbining tug‘yonlarini ifodalaydi.
Aktrisa ijodining eng yuksak cho‘qqisi Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” filmidagi Kumush obrazidir. Gulchehra Jamilova betakror ijrosi bilan kitobxonlar tasavvuridagi ideal o‘zbek ayoli qiyofasini ekranda to‘laqonli qayta tiklay oldi. Bu obraz o‘zbek kinosida nazokat va sadoqatning o‘lmas ramzi bo‘lib qoldi.

Gulchehra Jamilova ijodiy faoliyatini dastlab professional raqqosa sifatida mashhur “Bahor” davlat xalq raqs ansamblida boshlagan. Raqs san’ati unga plastika, sahna madaniyati, imo-ishoralar orqali his-tuyg‘ularni so‘zsiz yetkazish sirini o‘rgatdi. Keyinchalik ushbu nafislik teatr va kinodagi dramatik rollarida ichki bir go‘zallik va harakatlar mukammalligini ta’minladi.
Aktrisa teatrda ham, kino va videofilmlarda ham bir-biriga o‘xshamagan, xarakteri jihatidan murakkab bo‘lgan o‘nlab obrazlarni yaratdi. Uning ijrosi soxtalikdan yiroq, nihoyatda tabiiy va tomoshabin qalbiga tez yetib boradi. Teatrda Navoiy, Bobur va boshqa tarixiy siymolar davrini aks ettirgan spektakllardagi Zebuniso, Nodirabegim, Bibixonim kabi siymolar hamda jahon klassikasidan Dezdemona (“Otello”) roli aktrisaning yuksak mahoratini ko‘rsatdi.
Zamonaviy asarlarda esa o‘zbek ayolining hayotiy kechinmalari va ichki iztiroblarini juda teran psixologik bo‘yoqlarda ochib berdi.
Gulchehra Jamilovaning nutq madaniyati, so‘zlarni ichki dard va mazmun bilan, dona-dona qilib yetkazishi tomoshabinni sehrlab oladi. Uning ovozidagi mayinlik va shu bilan birga dramatik kuch qahramonlarining xarakterini to‘liq his qilishga yordam beradi. Gulchehra Jamilova ijodi o‘zbek teatr va kino san’atida ayol go‘zalligi, nafosati va ichki ma’naviy qudratining betakror uyg‘unligidir.
Tabarruk yoshni qarshi olgan ustoz san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilovaga sihat-salomatlik, uzoq umr, ijod zavqi yanada bardavom bo‘lishini tilab qolamiz.
Nazokat Usmonova, O‘zA