Yangi sanoat loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda
Navoiy viloyati hokimligi hamda Polshaning “SOLAG” kompaniyasi vakillari o‘rtasida video-konferens-aloqa shaklida muzokaralar o‘tkazildi.
Viloyat hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, muzokaralarda viloyatda umumiy qiymati 40 million yevro bo‘lgan, “Yalosker” shisha-keramika listlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yuqori texnologiyali korxona qurish loyihasi muhokama qilingan.
Loyihani Italiyaning “Advantech – Industrial Technologies” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Korxona ishga tushirilishi natijasida yiliga 14 ming tonnadan ortiq mahsulot ishlab chiqarish, 150 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratish hamda mahsulotlarni Markaziy Osiyo va Yevropa davlatlariga eksport qilish ko‘zda tutilgan.
Loyihani amalga oshirish muddati 16 oy etib belgilangan.
Uchrashuvda Navoiy viloyatining sanoat salohiyati, kvars qumi zaxiralari, infratuzilma va logistika imkoniyatlari haqida ham ma’lumot berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri